Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori: Xorijdagi vatandoshlarga keng imtiyozlar berildi

Prezident qarori: Xorijdagi vatandoshlarga keng imtiyozlar berildi

Shavkat Mirziyoyevning AQShda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashuvi.

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi; Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Shunday qilib, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun kirish vizalarini, shu jumladan, ko‘p marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma berish yo‘lga qo‘yiladi.

Xorijdagi vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislar davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilinadi.

Davlat vatandoshlarning ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam beradi.

Xorijdagi vatandoshlarga ham bo‘sh turgan bino va yerlar berishi mumkin. Buning sharti — O‘zbekistonda tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirishlari lozim bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, yurtdoshlarimizning xorijda o‘qishi, ishlashi va boshqa ijtimoiy masalalar «El-yurt umidi» jamg‘armasi, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar orqali moliyalashtiriladi.

Vatandoshlarga soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligi beriladi.

Xorijiy davlatlar fuqarosi bo‘lgan vatandoshlarga O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san’ati, televideniye va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishiga grantlar ajratiladi.

Vatandoshlarning ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tishi soddalashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlar davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘riladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring