Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident talabiga ko‘ra tuman hokimi keng jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi

Prezident talabiga ko‘ra tuman hokimi keng jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat va tuman hokimlaridan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va 2021 yilda rejalashtirilgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan murojaatnomani keng ommaga taqdim etishni talab qilgan edi. Bugun Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov Xalq deputatlari kengashida chiqish qildi.

Samarqand tumani geografik joylashuvi jihatidan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida yaxshigina sharoitga ega. Yaqinda aholisi 1 millionga yetishi kutilayotgan shahar yonida joylashgan tuman eksport uchun ham qulay. Ammo pandemiya tufayli bir qator ishlar to‘xtab qolgan edi.

Tumandagi 565 ta sanoat korxonalarining 76 tasi faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shuningdek 31 tasi 25% va 8 tasi 50% quvvatda ishlay boshladi. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi joriy yil 6 oy yakunida 28 foizga kamaydi.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 1 dekabr holatiga ko‘ra 4957 ta tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat ko‘rsatishiga erishildi. Jumladan, 689 ta yangi yuridik korxonalar (shundan,
306tamas’luyati cheklangan jamiyat, 16 ta xususiy korxona, 338 ta oilaviy korxona, 14 ta f/x) tashkil etilib, yil yakunigacha yana 15 ta yangi korxonalar tashkil etish rejalashtirildi.

Ammo shu bilan birga tumanda muammolar ham yetarli. Murojaatdan so‘ng bir qator masalalar yuzasidan deputatlar va jurnalistlar tuman hokimi Nosir Mavlonovga savollar bilan murojaat etildi.

— Qishning sovuq kunlarida tumandagi ayrim hududlarda suyultirilgan gaz va elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi. Ushbu muammoni hal etish uchun qanday rejalar bor?
— Noyabr oyida qo‘qqisdan sovuq tushgach, darhaqiqat elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha muammolar ko‘rinib qoldi. Shu kecha-kunduzda ham turli mahallalarda uzilishlar uchrab turibdi va bunga bir qator sabablar bor. Birinchidan, aholi zich joylashgan va uylarni isitish uchun elektrdan betartib foydalanish holati bo‘layotgani uchun transformatorlarga tushgan yuklama ko‘payib ketmoqda. Natijada avariyalar yuzaga kelmoqda. Ammo bu holatlarni tezda bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Bir narsani tushunishingizni istaymiz, hech kim ataylab elektrni o‘chirmayapti, balki avariya holatlari yuzaga kelgani uchun ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Bu muammoni hal qilish uchun nimalar qilmoqdamiz? Avvalo aholi bilan muloqot davomida elektr iste’moli masalasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Qolaversa, bugun tuman elektr ta’minoti boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Albatta o‘zimizda ham ayb bor. Garchi kuz-qish mavsumiga tayyorlanishga harakat qilgan bo‘lsak ham, ba’zi masalalarda to‘liq tayyor emasligimiz ko‘rinib qoldi.

Suyultirilgan gazga kelsak, tuman aholisini to‘liq ta’minlash uchun 29 mingta gaz balonga ehtiyojimiz bor. Biroq bizga hozirda 3 mingga yaqin gaz balon yetishmayapti. Bu masala yo‘l xaritasiga kiritilgan. Yana bir masala — tumanning ehtiyoji uchun 250 tonna suyultirilgan gaz kerak. Sovuq o‘ta kuchaygan vaqtda bizga 190 tonna ajratildi. Shu sababli ta’minotda uzilishlar yuzaga keldi. Bu massalani hal qilish uchun ishlayapmiz. Yaqin kunlarda qo‘shimcha 1000 ta gaz ballon olamiz va ta’minot 60 kunga tushdi.

Hozirda mutaxassislar bilan birga ishlayapmiz. Tuman elektr ta’minoti, gaz boshqarmasi va hokimlikda shtab tashkil etilgan. Muammolarni bosqichma-bosqich yechib borish rejalashtirilgan. Elektr va gaz masalasi 2021 yilning birinchi yarmiga mo‘ljallangan dasturga kiritilgan. Zaxira mablag‘imiz va budjetdan orttirilgan pul hisobiga yaroqsiz holatga kelib qolgan simyog‘ochlar almashtiriladi.

—Tumanda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqish yuqori. Shu sababli banklarga imtiyozli kredit bo‘yicha ko‘p murojaat tushadi. Ammo bu murojaatlar har doim ham vaqtida qanoatlantirilmaydi. Balki tumanda xususiy banklar filialini ko‘paytirish kerakdir? Bizda bir ma’lumot bor — Jahon banki reytingiga ko‘ra O‘zbekistonning eng yaxshi banki sifatida xususiy bank tan olingan. O‘sha xususiy banklarni tumanga jalb etish kerak emasmi?
— Haqiqatan ham shunday muammo bor. Tuman tadbirkorlari hech qanday yangilikka beparvo emas. Zamonaviy innovatsion xizmat ko‘rsatadigan xususiy tijorat banklari ko‘paygani yaxshi, albatta. Biz Markaziy bank rahbariyati va sohaga mas’ul bo‘lganlar bilan muloqot o‘tkazamiz va ushbu taklifni ularga yetkazamiz. Samarqand tumani tadbirkorlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va ko‘rsatayotgan xizmatga nafaqat viloyat, balki butun respublikadan talab mavjud. Biz shu bilan birga eksportni ham inobatga olamiz. Viloyatda 9-10 ta yangi banklar paydo bo‘lgan. Agar ular tumanga kirishni istasa, biz faqat qo‘llab-quvvatlaymiz.

— Tuman tibbiyot birlashmasi yonida norasmiy bozor faoliyati davom etyapti. Hatto tez tibbiy yordam bo‘limi eshigining yonigacha sotuvchilar joylashib olgan. Nima uchun yangi qurilgan bozor bo‘sh turibdi?
— Eski bozor darhaqiqat juda betartib. Aslida u bozor ham emas. Bir haftada bir marta — juma kuni faoliyat yuritadigan bozor. Afsuski aholi o‘sha joyga o‘rgangan. Biz imkon qadar harakat qilyapmiz, tumanimizda transport yo‘nalishi mavjud. Shahar bilan bog‘laydigan yo‘l yoqasida joylashganmiz. Biz odamlarni yangi bozorga o‘rgatish uchun avtobuslarning to‘xtash joyini o‘sha atrofga joylashtirishni ko‘zlagan edik. Pandemiya tufayli tashabbus biroz to‘xtab qoldi. Bu tadbirga yo‘nalishda faoliyat yuritadigan korxona vakillarini ham jalb qilamiz va dehqon bozoriga borishga qulay qilib yo‘nalish belgilaymiz. Eski bozorga SEOM, IIV va boshqa tashkilot xodimlari bilan birga borib, targ‘ibot o‘tkazmoqdamiz. Odamlarimiz betartib bozorga borishga o‘rganib qolgan. Biz faqat yangi bozordagi sharoitni yaxshilash orqali odamlarni u yerga o‘rgata olamiz.

— Xorijda ishlashdan voz kechib, tumanda qolib, mehnat qilishga qaror qilgan yoshlarga qanday sharoit yaratgansiz?
— Oxirgi bir yilning o‘zida 1200 dan ortiq migrantlarimiz tumanga qaytib keldi. Bizda qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan. Tuman aholisining faqat 7 foizi shaharda yashaydi, qolgani qishloqlarda. Shu sababli g‘alladan bo‘shagan 400 gektardan ortiq yer takroriy ekin uchun 1300 fuqaroga bo‘lib berildi.

Mironko‘l, Chordara va Konigil hududlarida 22 gektar yerda kam ta’minlangan oila vakillari uchun qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari tashkil etib berdik. Ular yetishtirgan mahsulotni sotib olib, qayta ishlaydigan tadbirkor ham tayyor. Biz fuqarolarni o‘zimizda ishli qilish bo‘yicha yana chora-tadbirlar olib boramiz.

Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqish qilishda davom etadi. Xabar.uz axborot tahliliy portali tadbirlarni kuzatib, yoritib borishni rejalashtirgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring