Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi qamoqdan chiqdi
«Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, huquq-tartibot idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, pora olganlik, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilganlik va boshqa ayblovlar bilan 2011-yili qo‘lga olinib, 2012-yili sud qaroriga ko‘ra 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Ravshan Muhiddinov ozodlikka chiqarilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisida sobiq amaldor reabilitatsiya qilinib, afv etilgan.
Esingizda bo‘lsa, 2017-yilning iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga safar qilgan, viloyat faollari ishtirokidagi yig‘ilishda prokuratura organi xodimlarini qattiq tanqid qilgan, bu yig‘ilishning audioyozuvlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi. Yig‘ilishda davlat rahbari o‘zidan ketib qolgan prokurorlarning joyi qamoqda ekanini ta’kidlash asnosida prokurorlar bundan xulosa qilishi kerakligi aytgan va fikrini asoslash uchun Ravshan Muhiddinovni yodga olgan edi. «Bu yerda Muhiddinov degani prokuror bo‘lgan. Ko‘ringlar, necha yilga kesilib ketdi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.
«Xabar.uz» ma’lumoti:
Muhiddinov Ravshan Abdulatifovich 1963-yilning 22-iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, 1985 yili ToshDUning huquqshunoslik fakultetini, 1997 yili O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
U Chilonzor tumani prokuraturasi stajyori (1985—1986-yillar), Toshkent shahar prokuraturasi tergovchisi (1986—1992-yillar), tergov bo‘limi prokurori, katta prokurori, Bosh prokuraturaning tashkiliy nazorat va tahliy boshqarmasi prokurori (1992—1995-yillar), Bosh prokuraturaning tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Prezident devonida mas’ul xodim (1997—1998-yillar), Jizzax viloyati prokurori (2000—2005-yillar), Prezident devonida mas’ul xodim (2005—2006-yillar), Bosh prokuror o‘rinbosari, Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti direktori (2006—2007-yillar), Adliya vaziri (2007—2011-yillar) lavozimlarida ishlagan.
U 2011-yilning iyunida u Muidjon Tohiriyning o‘rniga O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangandi. Biroq u ushbu vazifada bir yil ham ishlamay 2011-yilning 21-sentabrida Prezident farmoniga muvofiq ishdan olinib, Toshkent viloyati prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayiinlangan edi. U 2011-yilning 20-noyabrida hibsga olingan va 2012-yilning fevralida sud qaroriga muvofiq qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Ravshan Muhiddinov O‘zbekistonda xususiy notariuslarning yopilishiga olib kelgan «Notariat to‘g‘risida» qonunning tashabbuskori hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter