Prokuratura o‘zboshimchalik bilan so‘yilgan qo‘ylar voqeasiga e’tibor qaratdi
Qashqadaryoda dalani payhon qilgan qo‘ylar so‘yilgani va videoda chiqish qilgan mas’ulning aytishicha, mazkur o‘zboshimchalik viloyat hokimi tomonidan buyurilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi mazkur holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
«Joriy yilning 2-yanvar kuni internet nashrlarida «Qashqadaryo hokimi dalani payhon qilgan qo‘ylarni so‘yishni buyurdi» sarlavha ostida videolavha chop etilgan.
Mazkur videolavhada viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov, Nishon tumani IIB boshlig‘i Dilshod Umarov, Ibn Sino hududidagi «Otamurod ota» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Bobonazarov hamda dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y egasi Abdurashid Azamatov ishtirokida viloyat hokimi topshirig‘iga ko‘ra, g‘alla maydonini payhon qilingani uchun fermer xo‘jaligi rahbari va payhon qilgan qo‘y egasiga tegishli 1 tadan (jami 2 bosh) qo‘yni so‘yib, kam ta’minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan.
Mazkur holat Nishon tumani prokuraturasining «Shakl-1» kitobiga ro‘yxatga olinib, tegishli tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, tarqatilgan videolavhaning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda.
O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter