Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pul sanash kayfiyatni ko‘taradi

Pul sanash kayfiyatni ko‘taradi

Foto: «Xabar.uz»

Amerikalik psixologlar tushkunlikka qarshi kurashish va ruhiy osoyishtalikka erishishning eng original yo‘lini topishdi. Xotirjam bo‘lish va kayfiyatni ko‘tarish uchun pullarni sanang, vassalom! Bu, albatta, yordam beradi. Siz sanaydigan pullar o‘zingizniki bo‘ladimi, birovnikimi, farqi yo‘q!

Ruhshunoslar ko‘ngilli odamlarni topib, ikki guruhga bo‘lishdi. Ularning birinchisi 100 dollarlik taxlamlarni shunchaki qog‘oz deb, ikkinchi guruh esa pul deb hisobladi. Tajribadagi pullar ishtirokchilarga tegishli emas edi.

Shundan so‘ng ularni turli sinovlarga yo‘naltirishdi. Dastlab tirik odam deb hisoblagan uchta kompyuter sheriklari bilan o‘ynashga majbur qilishdi. O‘yin chog‘ida ishtirokchilar koptokni bir-birlariga berishdi.

Vaqt o‘tgan sayin kopyuter sheriklar tirik odamlarni mensimay qo‘ydi, bu esa sinovdagilarning tushunarsiz ravishda jahli chiqishiga olib keldi. Olimlar shu tariqa banknotalarni pul hisoblagan ishtirokchilarning ruhiy zarbalarga chidamli ekanligini aniqlashdi.

Navbatdagi tajribada ko‘ngillilar qo‘lini issiq suvga solib, 30 soniya ushlab turishdi. «Qog‘oz» emas, pul sanagan ishtirokchilarga suv uncha issiq tuyulmadi. Qolaversa, ular og‘riqni kamroq his etib, sinovlarni bajonidil ado etishdi.

Ruhshunoslar yana ko‘ngillilarni taklif etib, tag‘in ikkita guruhga bo‘lishdi. Ularning birinchisiga o‘tgan oydagi sarf-xarajatlarini yozishni, ikkinchisiga esa xarajatlari vaqtida ob-havo qanday bo‘lganini qayd etishni iltimos qilishdi.

Shundan so‘ng yana bir-biriga koptok uzatish va suv bilan bog‘liq tajriba o‘tkazildi. Tushkunlik va dardga o‘zlarining sarf-xarajatlarini emas, ob-havoni eslaganlar chidamli ekanligi aniqlandi.

Britaniyalik tadqiqotchilar baxtning pulga teng qiymatini topishga harakat qilishdi. Unga ko‘ra, masalan, «Men seni sevaman» degan gapni eshitgan inson lotereyada 163 ming funt sterling miqdorida pul yutug‘iga teng quvonchni his etadi.

Salomatlik bir qadar qimmatroq baholanadi – 180 ming funt. Uchinchi o‘rinda hamkorlar o‘rtasidagi barqaror munosabatlar turadi – uning «lotereyadagi o‘xshash qiymati» 155 ming funtga teng. Tinch-osoyishta va xavfsiz mamlakatdagi hayot 130 ming funtga baholandi.. Bolalar bilan munosabatdan qoniqish – 123 ming, oilada vaqtni o‘tkazish – 110 ming, kulgi – 108 ming. Eslab qoling: kitob o‘qish kinoga borishdan ko‘ra 54 ming funt qimmatroq!

Mehnatdan zavq olish –  37 ming funt, oldindan nimanidir sezib rohatlanish – 50 ming funt. Hamma ishlar silliq ketganida kunni omadli o‘tkazish istiqbolini ko‘rish – kechqurun uyga qaytishdan ko‘ra «ancha arzon» (45 mingga 18 ming funt).

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring