Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinga biror kor-hol bo‘lsa...

Putinga biror kor-hol bo‘lsa...

G‘arb davlatlari o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish borasida qat’iyat ko‘rsatmasa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Atlantika ittifoqi, ya’ni NATOga ham hujum qiladi. Bu haqda Germaniya federal razvedka xizmati rahbari (BND) Bruno Kal Focus nashriga intervyusida gapirgan.  

Josuslik idorasi rahbari fikricha, rus qo‘shinining Ukrainadagi g‘alabasi Putinning NATO davlatlariga hamlasi ehtimolini oshiradi.

«Agar Ukraina taslim bo‘lganida, Rossiyaning hokimiyatga bo‘lgan chanqog‘i shu bilan qonmas edi», – deydi B.Kal.

Qayd etilishicha, Putin Rossiya imperiyasining o‘tmishdagi qudratini tiklashga urinmoqda va u kuch yo‘li bilan Yevropani ham taslim etsa, oqibati yomon bo‘ladi.

Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Rossiyaning Putindan keyingi tashqi siyosati qanday bo‘lishini ham baholagan. Unga ko‘ra, agar Putin derazadan tushib ketib yoki boshqa kor-hol sabab hokimiyatdan ketgan taqdirda ham Rossiyada uning siyosatini aynan davom ettiradigan shaxslar ko‘plab topiladi.

Keyingi vaqtlarda yevropalik siyosatchilar Rossiyaning ehtimoliy hujumi haqida ochiq bayonotlar bermoqda.

Bir necha kun avval Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakat Rossiya bilan harbiy mojaroga tayyorlanishi kerakligini aytdi.

Putinning Ukrainadan keyingi nishoni Boltiqbo‘yi davlatlari bo‘lishi haqidagi ovozalar allaqachon siyosiy-harbiy tahlil markazlari xulosalariga ko‘chgan.

Kreml tahdidi kuchayishi munosabati bilan AQSh 15 yil ichida birinchi marta Buyuk Britaniyaga yadro qurolini joylashtirishni ham rejalashtirmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ayrim tahlilchilar Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozayotgan edi. Ba’zi ekspertlar Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlagani haqidagi farazni ham ilgari surgandi.

Masalan, rossiyalik siyosatshunos Abbas Gallyamov Putin va uning xos a’yonlari Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z davrida Putin komandasida faoliyat yuritgan A.Gallyamovga ko‘ra, qochish operatsiyasi «Nuh kemasi» degan ramziy nom bilan atalgan.

Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqida aytgan edi. Sobiq bosh vazir Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlat ekanini ta’kidlagan.

Ammo aynan Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal bu kabi taxminlarni rad etib, Putinning hokimiyati mustahkam ekanini aytgan. Uning fikricha, Rossiyaning Ukraina urushidagi no‘noqliklari borasida jamoatchilik e’tirozlar bildirmoqda, ammo bu Putinning kursisi liqillab qolganidan dalolat bermaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring