Putinning AQShga tashrifi chog‘i o‘ng‘aysiz holat yuzaga kelgani ochiqlandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘tgan hafta AQShning Alyaska shtatiga tashrifi chog‘i o‘ng‘aysiz holat yuzaga kelgan. Rossiya prezidenti ma’muriyati xodimlari Putinning samolyotiga yonilg‘i quygach, joriy sanksiyalar sabab to‘lovni naqd pulda amalga oshirishga majbur bo‘lgan.
Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio NBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Rossiyaliklar Alyaskaga kelgach, ularning samolyotiga yonilg‘i quyish zarurati tug‘ildi. Ular samolyot yonilg‘isi haqini naqd pul shaklida to‘lashga majbur bo‘lishdi. Chunki (sanksiyalar tufayli) ular bizning bank tizimimizdan foydalana olishmaydi. Ular (sanksiyalarning) oqibatlari bilan har kuni yuzma-yuz kelishmoqda”, – degan AQSh davlat kotibi.
Alyaska shtati Ankorij shahridagi aviabazaga Rossiyadan Putinning samolyotidan tashqari yana bir necha samolyot kelgan. Mazkur uchoqlar Rossiya rasmiy delegatsiyasi vakillari, jurnalistlar hamda Putinning avtomobillarini keltirgan.
Germaniyaning Bild nashri yozishicha, birgina prezident uchog‘i yonilg‘i baki sig‘imi 152620 litrni tashkil etadi. Demak, Rossiya delegatsiyasi birgina davlat rahbari samolyotiga yonilg‘i quyish uchun o‘rtacha 85 ming dollar naqd pul to‘lagan.
Rossiya Ukrainaga qarshi agressiv urush boshlagan 2022 yilning 24 fevralidan keyin AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan Moskvaga nisbatan keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etildi. Jumladan, Rossiya xalqaro moliyaviy to‘lov tizimlaridan uzib qo‘yildi.
Rossiya rasmiy uchoqlariga yonilg‘i quyishda muammo yuzaga kelishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov sanksiyalar tufayli JAR, Braziliya kabi davlatlar rasmiy samolyotga yonilg‘i quyishdan bosh tortganini ma’lum qilgandi. “Yonilg‘i quya olmaganmiz. Albatta, bunday holat odamning jahlini chiqaradi”, – deb yozg‘irgandi S.Lavrov.
2025 yil 20 yanvarda rasman lavozimga kirishgan AQSh prezidenti Donald Tramp agar Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatmasa qaqshatqich sanksiyalar joriy etishi haqida bir necha bor po‘pisa qilgan, ultimatumlar qo‘ygan. Ammo Oq uyning amaldagi xo‘jayini Kremldagi hamkasbiga yon berishni afzal ko‘rmoqda, deydi tahlilchilar.
Jumladan, AQSh va Rossiya prezidentlarining 15 avgust kuni Alyaska shtatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham Putin Trampni dog‘da qoldirgani aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter