Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinning kursisi liqillab qoldimi? Germaniya razvedka xizmati rahbari javob berdi

Putinning kursisi liqillab qoldimi? Germaniya razvedka xizmati rahbari javob berdi

Foto: The New Yorker

Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik urushi yuzasidan rus jamoatchiligining e’tirozi kuchli ekani bor gap, ammo bu siyosiy tizim uchun tahdid muqarrarligini anglatmaydi. Prezident Vladimir Putinning hokimiyati ayni paytda mustahkam, deb hisoblaydi Germaniya federal razvedka xizmati rahbari (BND) Bruno Kal.

«Biz Putin tuzumida darz ketish holatini ko‘rmayapmiz», – deydi olmon josuslik idorasi rahbari 22 may kungi chiqishida.

Uning fikricha, Rossiyaning Ukraina urushidagi no‘noqliklari borasida jamoatchilik e’tirozlar bildirmoqda, ammo bu Putinning kursisi liqillab qolganidan dalolat bermaydi.

Germaniya yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Rossiya askarlarni qayta-qayta safarbar etgan holda urushni davom ettirishi mumkin. Bunday sharoitda Ukraina g‘alaba qozonishi esa G‘arb ko‘magiga bog‘liqdir.

«Rossiyaning kuchsizligi, inqirozi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Albatta, zaiflik, no‘noqlik mavjud, masalan, qurolli kuchlar samaradorligi borasida. Lekin G‘arb Ukrainani puxta tashkillashtirgan holda qurollantirib, qarshilik harakatini shakllantirmas ekan, Putinning uzoq istiqbol va safarbarlikka qaratilgan strategiyasi muvaffaqiyat keltirishi mumkin», – deb ogohlantiradi Germaniya federal razvedka xizmati rahbari.

So‘nggi vaqtlarda ayrim tahlilchilar Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozmoqda. Ba’zi ekspertlar esa Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlagani haqidagi farazni ilgari surmoqda.

Avvalroq rossiyalik siyosatshunos Abbas Gallyamov Putin va uning xos a’yonlari Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z davrida Putin komandasida faoliyat yuritgan A.Gallyamovga ko‘ra, qochish operatsiyasi «Nuh kemasi» degan ramziy nom bilan atalgan.

2022 yil noyabr oyida esa Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqida aytgan edi. Sobiq bosh vazir Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlat ekanini ta’kidlagan.

Ukraina urushi davomida «Vagner» xususiy harbiy shirkati asoschisi Yevgeniy Prigojinning nufuzi oshishi va uning keskin bayonotlari ortidan Rossiyada ichki siyosiy kurash boshlangani haqida taxminlar ham o‘rtaga chiqdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring