Putin va Si Szinpin Pekinda muzokara o‘tkazdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Szinpin Pekin shahrida uchrashuv o‘tkazib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va xalqaro kun tartibidagi masalalarni muhokama qildi.
Muzokaralar avvalida Putin Rossiya va Xitoy munosabatlari «misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga» chiqqanini ta’kidlab, ularni haqiqiy har tomonlama sheriklik namunasi deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi inqiroz fonida Rossiya ishonchli energiya resurslari yetkazib beruvchisi sifatida qolmoqda, Xitoy esa mas’uliyatli iste’molchi bo‘lib turibdi.
Putin Moskva va Pekinning tashqi siyosatdagi hamkorligi xalqaro maydondagi asosiy barqarorlashtiruvchi omillardan biri ekanini aytdi. Shuningdek, Rossiya va Xitoy «ko‘p qutbli va adolatli dunyo tartibi»ni shakllantirishga intilayotganini bildirdi.
Si Szinpin esa Xitoy va Rossiya munosabatlari «qadamma-qadam bugungi yuqori darajaga yetgani»ni ta’kidladi.
Uning fikricha, dunyo yana «o‘rmon qonuni»ga qaytish xavfiga duch kelmoqda va shunday sharoitda Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Si, shuningdek, Xitoy va Rossiya xalqlarining rivojlanish hamda hamkorlikka intilishi o‘zgarmas iroda bo‘lib qolishini aytdi.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Putin va Si Szinpin «ko‘p qutbli dunyo va yangi turdagi xalqaro munosabatlarni shakllantirish to‘g‘risidagi deklaratsiya»ni imzoladi.
Tomonlar, shuningdek, «har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni mustahkamlash» bo‘yicha qo‘shma bayonotni ham qabul qildi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, mazkur hujjat 47 sahifadan iborat bo‘lib, unda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari hamda xalqaro masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlar belgilab berilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter