Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qizilravot» cho‘lida qonunbuzarlik sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi

«Qizilravot» cho‘lida qonunbuzarlik sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi

Foto:«Xabar.uz»

Xorazmlik bir nechta fuqaro Romitan tumanidagi «Qizilravot» cho‘li hududidagi saksovul butalarini tashib ketish bilan bog‘liq qonunbuzarlik sodir etishdi. Bu haqda Buxoro viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Qizilravot» cho‘lida saksovul, yulg‘un, shuningdek, boshqa yovvoyi daraxt va butalar o‘sadi. Ushbu cho‘l bevosita Xorazm viloyati kengliklariga tutashgan.

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 4-sentyabr kuni xorazmlik fuqarolar 2 ta avtomashinada - har biri kamida 2,5 tonnadan saksovul kundasini talon-taroj qilgan.

O‘g‘irlangan saksovul butalari hamda qonunbuzar shaxslarga tegishli avtomashinalar ham ashyoviy qurol sifatida rasmiylashtirilgan.

Ayni paytda aniqlangan holat yuzasidan o‘g‘irlik sodir etgan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 79-moddasi 2-qismiga muvofiq, bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning avgust oyida viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Romitan tuman hokimligi hamda viloyat Transport deportamenti bilan uyushtirilgan reyd tadbirlarida xorazmliklar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar soni beshtaga yetgan. Bu galgisi esa oltinchi qonunbuzarlik hisoblanadi. Har bir holatda kamida 5 tonna, ya’ni 30 tonnaga yaqin saksovul kundasi talon-taroj qilingan.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring