Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qolgan o‘yinlarda ham mana shunday yomon o‘ynab, g‘alaba qozonsak rozi bo‘lardim – Srechko Katanets

Qolgan o‘yinlarda ham mana shunday yomon o‘ynab, g‘alaba qozonsak rozi bo‘lardim – Srechko Katanets

Foto: O‘FA

JCh-2026 saralashi doirasida O‘zbekiston va KXDR (1:0) o‘rtasida kechgan o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh murabbiy Srechko Katanets va uchrashuvdagi yagona gol muallifi Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi. Dastlab yarim himoyachi o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Yaxshi o‘ynadik deb ayta olmayman, ammo kerakli natijaga erisha oldik. Bu bosqich biz uchun hech qachon oson bo‘lmagan, eng muhimi ruhiy bosimdan chiqib keta olishdir. Nima qilib bo‘lsa ham uch ochko olishimiz kerak edi va buning uddasidan chiqa oldik. Eng muhimi g‘alabaga erisha oldik va bu bilan butun O‘zbekiston xalqini tabriklayman.

O‘zimiz istagandek o‘ynay olmadik, bu bosqichda kim bilan o‘ynashingizdan qat’iy nazar hayajon bo‘ladi. Jahon chempionatiga yaqinlashgan sari bunaqa o‘yinlar ko‘payadi. Menimcha mana shunaqa hayajonli o‘yinlar va g‘alabalar bilan jahon chempionatiga chiqilsa kerak», – dedi Jaloliddin Masharipov.

Shundan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets o‘yin haqidagi fikrlarini bildira boshladi.

– Uchrashuv juda qiyin kechdi va unda og‘ir g‘alabaga erishdik. To‘g‘ri, unchalik chiroyli o‘ynay olmadik, ammo uch ochkoni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. To‘g‘risini aytsam, agarda barcha uchrashuvlarda mana shunday yomon o‘ynasakda, ammo g‘alabaga erishsak, men xozirdan bunga rozi bo‘lardim. Futbolda chiroyli, tomoshabop o‘yin emas, balki natija muhim hisoblanadi.

Birinchi bo‘limda bizda imkoniyatlar ko‘proq bo‘ldi, yana ikki-uchta gol ursak bo‘lardi, ammo uddalay olmadik. Shimoliy Koreya terma jamoasi penalti belgilangan vaziyatni aytmasa darvozamiz oldida xavfli vaziyat yaratmadi. Penaltiga kelsak, uni ahmoqona deb aytgan bo‘lardim. Bunaqa o‘ynamasligimiz kerak, – dedi Katanets.

Shu bilan birga O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi shimoliy koreyaliklarga yuqori baho berdi.

– KXDR terma jamoasiga past nazar bilan qarash to‘g‘ri emas, bu bosqichda kuchsiz jamoa bo‘lmasligini aytgandik. Koreyaliklar hali saralash musobaqasi davomida boshqa jamoalarga ham yetarlicha boshog‘rig‘i bo‘la oladi, – dedi bosh murabbiy.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan terma jamoa ko‘rsatgan o‘yinga nisbatan e’tirozlar bo‘ldi. Xususan, himoya chizig‘iga urg‘u berilgani sababli oldindagi harakatlar cheklanib qolgani OAV vakillari tomonidan ko‘tarildi.

Albatta e’tirozlarni to‘g‘ri tushunaman, biz chiroyliroq o‘ynashimiz kerak edi, biz bu o‘yindan ko‘proq lazzat olishimiz, muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishimiz kerak edi. Ammo shuni ham ta’kidlash lozim, jamoa eng avvalo ochkolarni qo‘lga kiritishi shart edi va biz buning uddasidan chiqa oldik.

To‘g‘ri, muxlislar chiroyli, shiddatli o‘yin ko‘rgisi keladi, ammo jahon chempionatiga chiqish uchun avvalo ochkolar kerak. Avvalgi saralash musobaqalarida O‘zbekiston terma jamoasi chiroyli, hujumkor o‘yin ko‘rsatgan davrlar ham bo‘lgan, ammo o‘shanda natijaga erishilganmi? Yo‘q! Shunday ekan, biz eng avvalo ochkolarga ega bo‘lishni o‘ylashimiz kerak, – dedi Katanets.

Terma jamoa bosh murabbiyi KXDRga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha vaqt va imkoniyat bo‘lmaganini ham ro‘kach qilib o‘tdi.

– Biz ikkitagina mashg‘ulot o‘tkazdik va KXDRga qarshi maydonga tushdik. Bunday holatda chiroyli va hujumkor o‘yin ko‘rsatish mumkin deb o‘ylaysizmi? – dedi Katanets.

Terma jamoa bosh murabbiyi kelgusi uchrashuvlarda jamoa o‘yini yaxshilanib borishiga ishonishini ta’kidlab o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring