Qozog‘iston elchisi: “Bu ijodkorning merosi mintaqa xalqlari birligini mustahkamlaydi”

Ulug‘ ma’rifatparvar Abay islom-sharq va rus-yevropa falsafasini yagona gumanistik konsepsiyaga birlashtira olgani siymodir, deydi Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Abay Qo‘nonboyev ma’naviy merosining Markaziy Osiyo xalqlari madaniy integratsiyasini mustahkamlashdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro anjumanda nutq so‘zlagan diplomat shoir ijodining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi. Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
“Abayning yubileyi milliy doiradan chiqib, umumsivilizatsiyaviy ahamiyat kasb etgan hodisadir. Negaki, Abay o‘z ijodida arab, fors, turk, rus va G‘arbiy Yevropa tafakkur tarzini birlashtirib, Sharqu G‘arb o‘rtasida chinakam ma’naviy ko‘prikka aylangan edi. Uning insonparvarlik, bilimsevarlik, bag‘rikenglik, tinchliksevarlik kabi qadriyatlar aks etgan ma’naviy merosi mintaqamiz xalqlarini birlashtirishga xizmat qiladi”, – dedi Beybut Atamqulov.
Qayd etilishicha, jahon adabiyotidan munosib o‘rin egallagan Abay mohir tarjimon sifatida Alisher Navoiy, Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Hofiz kabi ulug‘ mutafakkirlar, Pushkin, Lermontov, Gyote, Bayron, Shiller kabi yangi davr ijodkorlari asarlarini qozoq tiliga o‘girgan.
2018 yil 13 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Qozog‘iston elchisi ushbu hujjatni yodga olar ekan, O‘zbekistonda Abay merosini targ‘ib etish, shoir asarlarini tarjima qilish, umuman, madaniy birdamlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Diplomat mintaqada umumiy ma’naviy makonni shakllantirishda o‘zbek adabiyoti va madaniy hamjamiyatining ham o‘rni katta bo‘lganini ta’kidladi.
Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Abay tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ulug‘ mutafakkirning ta’limoti haligacha dolzarbligini yo‘qotmaganini qayd etgandi.
Abay Qo‘nonboyev (1845–1904) – qozoq yozma adabiyotining asoschisi, faylasuf, pedagog, bastakor, tarjimon, ma’rifatparvar. Arab, fors, turkiy va rus tillarini puxta egallagan, Sharq va G‘arb adabiyotini chuqur o‘rgangan mutafakkir qozoq adabiyoti va ma’naviyatida o‘chmas iz qoldirgan. Uning “Qora so‘z”, “Nasihatlar” kabi asarlari millatning axloqiy, diniy, falsafiy tafakkurini boyitishda muhim o‘rin tutgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter