Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘iston super prezidentlik tizimidan voz kechadi – To‘qayev jiddiy siyosiy islohotlar haqida gapirdi

Qozog‘iston super prezidentlik tizimidan voz kechadi – To‘qayev jiddiy siyosiy islohotlar haqida gapirdi

Foto: «Kazinform»

Bugun, 16-mart kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat xalqiga murojaat yo‘lladi. Murojaatda jiddiy siyosiy islohotlarni amalga oshirgan holda yangi Qozog‘iston barpo etilishi e’lon qilindi. Quyida prezident Q.To‘qayev ilgari surgan siyosiy jabhadagi ayrim taklif va g‘oyalar bilan muxtasar tarzda tanishishingiz mumkin.

Ayni paytda barcha jabhalar faoliyati prezidentga borib taqaladi. Siyosatdagi monopoliya esa davlatning inqiroziga yetaklaydi. Shu sabab siyosiy monopoliyadan bosqichma-bosqich voz kechiladi.

Qozog‘iston superprezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tadi. Hokimiyat bo‘g‘inlari muvozanatiga jiddiy e’tibor qaratiladi. 

Markaziy saylov komissiyasi, Konstitutsiyaviy kengash va Hisob qo‘mitasi rahbariyati partiya a’zoligidan chiqadi.

Mamlakatda Konstitutsiyaviy sud va milliy qurultoy shakllantiriladi.

Partiya ta’sis etish jarayoni soddalashtiriladi, ro‘yxatga olish bo‘yicha imzolar soni talabi 5 mingtacha kamaytiriladi. 

Qozog‘istondagi saylov jarayoniga chetdan aralashuvning oldini olish uchun qonuniy choralar kuchaytiriladi.

Prezidentning Senatdagi kvotasi 15 nafardan 10 nafarga kamaytiriladi.

Prezidentning yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni egallashi man etiladi.

Hokimlarning o‘rinbosarlari soni 3 nafardan oshmaydi. Istisno hollarda to‘rtinchi o‘rinbosarga ruxsat etiladi.

Q.To‘qayev yaqin muddatda iqtidordagi «Amanat» partiyasi raisligidan ketadi. Umuman, Qozog‘iston prezidentlariga partiya a’zosi bo‘lishni istisno etuvchi tartib joriy etiladi.

Prezident haddan ziyod vakolatlardan voz kechishi jamiyatning demokratlashuvi va tub islohotlarga yo‘l ochadi.

Davlat hamda nodavlat-nohukumat tashkilotlar hamkorligi kuchaytiriladi.

Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun qayta ko‘rib chiqiladi. Matbuotning ayrim shaxslar buyurtmasiga ko‘ra ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qozog‘iston mustaqilligini asrab-avaylashga muqaddas burch sifatida e’tibor qaratiladi.

Davlat boshqaruv idoralarini byurokratiyadan xalos etish choralari ko‘riladi.

Siyosiy islohotlardan ko‘zlangan maqsad halol va adolatli o‘yin qoidalarini joriy etish va barcha jabhalarda monopoliyaga barham berishdan iboratdir.

Q.To‘qayev ilgari surgan takliflarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyaga 30 ga yaqin o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring