Qozog‘istondagi konda portlash: halok bo‘lganlar soni ortmoqda
Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘lganlar soni 11 kishiga yetdi, deya xabar bermoqda Zakon.kz «ArcelorMittal Temirtau» AJ matbuot xizmatiga tayanib.
Korxona matbuot xizmatidan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kecha tunda portlash sodir bo‘lgan Kostenko konida qutqaruvchilar avvaliga yetti nafar konchining jasadini topishgan. Biroz o‘tib yana halok bo‘lganlar aniqlangan. 18 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Dastlabki versiyaga ko‘ra, metan gazining portlashi sodir bo‘lgan va bu fojiaga sabab bo‘lgan.
Hodisa joyida shtab tashkil etilgan. Kostenko konida Qarag‘anda viloyati hokimi, «ArcelorMittal Temirtau» AJ bosh direktori, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, Qarag‘anda viloyati prokurori, maxsus huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari yig‘ilishgan.
Portlash 28 oktabrga o‘tar kechasi soat 02:33 da sodir bo‘lgan. O‘sha paytda konda 252 nafar konchi bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 205 nafari qutqarilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter