Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rasmiy bayonot: Pora olgan IIB xodimining «Chinobod neft baza»siga aloqador joyi yo‘q

Rasmiy bayonot: Pora olgan IIB xodimining «Chinobod neft baza»siga aloqador joyi yo‘q

2020 yilning 8 yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan Mehriddin Abdullayev, dastlabki kundan boshlab sohada korrupsiya va jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik, uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etishga e’tibor qaratdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi korxonalar, zavodlar, neft bazalarga ishga qabul qilishda ta’magirlikka yo‘l qo‘ymaslik, shaffoflik tamoyili asosida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga qat’iy amal qilgan holda ish yuritish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Ommaviy axborot vositalarida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani ichki ishlar bo‘limining mayor unvonidagi mas’ul xodimi fuqaroni «Chinobod neft baza» mas’uliyati cheklangan jamiyatining filiallaridan biriga rahbarlikka tayinlanishida yordam berishini aytib, buning uchun undan 50 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlangani xabar qilindi.

Ushbu holat yuzasidan avvalo shuni ta’kidlash kerakki, «Chinobod neft baza»si MChJda hech qanday filial mavjud emas. Qo‘lga olingan IIB xodimining ham neft bazaga aloqador joyi yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ tuzilmasida o‘zgarish qilindi va muhim qadam tashlandi. Boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan rejali, mavzuli, tezkor va masofaviy o‘rganishlar hamda xizmat tekshiruvlari o‘tkazish uchun «Moliyaviy va komplayens nazorati» departamenti tashkil etildi.

Ushbu departament aynan komplayens sohasidagi qonun, qoida va standartlarga muvofiqlikni, shu jumladan, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar bajarilishini hamda manfaatlar to‘qnashuvlarini me’yoriy hujjatlarga asosan boshqarilishini nazorat qiladi, mas’ul mansabdor shaxslar faoliyati bo‘yicha maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazadi.

Bir so‘z bilan aytganda, «O‘zbekneftgaz» AJ «korrupsiyasiz soha»ga aylandi.

Agar siz sohaga oid qonun buzilish holatlariga guvoh bo‘lsangiz, «O‘zbekneftgaz» AJning (71) 207-27-72 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring