Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rassom Avstraliyadagi eng boy ayolning jahlini chiqardi

Rassom Avstraliyadagi eng boy ayolning jahlini chiqardi

Foto: CNN

Tubjoy xalqiga mansub rassom Vinsent Namatjira tomonidan chizilgan portreti Avstraliyaning eng boy ayoli Jina Rinehartga yoqmadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Boy xonim rassomning «Avstraliya ranglarda» deb nomlangan ko‘rgazmasidan o‘rin olgan 21 ta alohida ishdan iborat ekspozitsiyadan o‘z portretini olib tashlashni Avstraliya milliy galereyasi (NGA)dan talab qildi.

Ko‘rgazma mamlakat poytaxti Kanberrada mart oyidan buyon bo‘lib o‘tmoqda. Namatjira boshqa mashhurlarni ham tasvirlagan: marhuma qirolicha Yelizaveta II, amerikalik marhum elektrogitarachi Jimi Hendriks, shu sozni chalishda undan qolishmaydigan avstraliyalik Angus Yang, aborigenlar huquqlari himoyachisi Vinsent Lingiari, mamlakat sobiq bosh vaziri Skott Morrison va boshqalar. O‘zining ham portreti bor.

Foto: Vinsent Namatjira

Rassom vatani va shaxsan o‘ziga ta’sir ko‘rsatgan odamlar, jumladan, boylarni rasmlarda ifodalaganini aytdi.

«Men dunyoni qanday ko‘rsam, shundayligicha tasvirlayman. Odamlarga asarlarim albatta yoqishi shart emas, biroq vaqt topib, ko‘rgani kelishsa va «Nega bu aborigen bu qudratli odamlarning rasmini chizdi? Bu bilan nima demoqchi?», degan xayolga borishlariga umid qilaman. Rasmlar kimgadir yoqmasligi, ayrimlarga esa kulgili tuyulishi mumkin, lekin ular sirtdagi parda ortiga mo‘ralab, jiddiy tomonni ham ko‘ra olishlaridan umidvorman», — dedi Namatjira.

Avstraliya tasviriy san’at milliy assotsiatsiyasi (NAVA) rassomning yonini olmoqda.

«Rinehart rassomning asariga o‘z fikrini bildirishi mumkin, ammo galereyaga bosim o‘tkazishga, portretini o‘ziga yoqmaganligi uchun ko‘rgazmadan oldirtirib tashlashga huquqi yo‘q», — dedi NAVA ijrochi direktori Penelopa Benton.

Ma’lumot uchun: Jina Rinehart — otasi asos solgan Hancock Prospecting xususiy tog‘-konchilik kompaniyasining ijrochi raisi. Forbes Jina Rinehartning boyligini 30,2 milliard AQSh dollariga baholagan. Nashrning fevraldagi xabarida aytilishicha, bu ayol Avstraliyaning eng boy 50 kishisi kiritilgan Forbes 2024 reytingida mutlaq yetakchi bo‘lib turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring