Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Reklama qonunchiligini buzgan 3 ta telekanal ogohlantirildi

Reklama qonunchiligini buzgan 3 ta telekanal ogohlantirildi

Raqobat qo‘mitasi olib borgan tahlillar davomida 3 ta telekanalda, jumladan «FTV», «Muloqot» va «Amudaryo» telekanallari tomonidan joriy yilning aprel-iyul oylarida joylashtirilgan reklamalar hajmi qonunchilik bilan belgilangan me’yorlardan ortiqligi holatlari aniqlandi.

«Raqobat qo‘mitasi telekanallarni reklamaga oid o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib muvofiqlashtirish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ogohlantirgan edi.

Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda bir qator telekanallar tomonidan taqdim etilayotgan reklamalar hajmi ko‘pligi, reklama roliklari efiri uzoq vaqt davom etishi yuzasidan qoldirilgan murojaatlar keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda», – deyiladi Qo‘mita bayonotida.

Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari yuzasidan bir necha telekanallariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot uchun, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasiga muvofiq, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledo‘kon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emasligi belgilangan.

Shuningdek, yuqoridagi holatlar yuzasidan boshqa telekanallar faoliyati bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring