Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya Putinning qarorgohiga Ukraina dronlari hujum qilganini iddao qildi

Rossiya Putinning qarorgohiga Ukraina dronlari hujum qilganini iddao qildi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina 28-29 dekabrga o‘tar kechasi Novgorod viloyatida prezident Putinning qarorgohiga dronlardan hujum qilganini e’lon qildi.

U buni terroristik hujum deb atadi va barcha dronlar yo‘q qilinganini va hech kim qurbon bo‘lmaganini ta’kidladi.

«Bunday harakatlar javobsiz qolmaydi. Rossiya Qurolli Kuchlari javob zarbalari uchun nishonlarni va ularni amalga oshirish vaqtini aniqlab oldi», dedi Lavrov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralardan chiqish niyatida emas. Biroq, voqeani inobatga olgan holda, «Rossiyaning muzokara pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi».

Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bu voqeani tinchlik muzokaralarida erishilgan barcha yutuqlarga putur yetkazishga qaratilgan soxta (feyk) xabar deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu Ukrainaga, xususan, Kiyevga qilingan zarbalarni oqlash va urushni tugatish uchun zarur choralarni ko‘rmaslik uchun qilingan.

Ayni paytda, Tramp va Putin bugun telefon orqali gaplashdilar. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ushbu suhbat mazmunini bayon qilib, Amerika tomoni Rossiya prezidentiga kecha Mar-a-Lagoda Ukraina delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalari haqida batafsil ma’lumot berganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga Novgorod qarorgohiga qilingan hujum haqida gapirib bergan.

«AQSh prezidenti bu yangilikdan hayratda qoldi, tom ma’noda g‘azablandi. U bunday aqldan ozgan harakatlarni tasavvur ham qila olmasligini aytdi. Bu shubhasiz Zelenskiy bilan ishlash kontekstida Amerika yondashuviga ta’sir qiladi. Unga Trampning o‘zi aytganidek, xudoga shukurki Tomahawk raketalari bermadi», deyiladi Kremlning rasmiy bayonotida.

Amerika tomoni hali tafsilotlarga to‘xtalmagan. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt faqat suhbat Ukrainaga tegishli ekanligini va «ijobiy ruhda» bo‘lganini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring