Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya yadro quroli qo‘llasa, AQSh qanday yo‘l tutadi? General Petreus javob berdi

Rossiya yadro quroli qo‘llasa, AQSh qanday yo‘l tutadi? General Petreus javob berdi

Foto: ABC

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadro qurolini qo‘llash borasida tahdidini jiddiy qabul qilish kerak. Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori, general Devid Petreus ABC telekanaliga intervyusida ma’lum qildi.

General prezident Vladimir Putin yadro qurolini ishga solgudek bo‘lsa, AQSh va NATOning javobi qanday bo‘lishini tushuntirgan.

«Faraz qilishingiz uchun aytay: (agar Rossiya yadro qurolini qo‘llagudek bo‘lsa) biz NATO bo‘yicha jamoaviy javob qaytaramiz. Shu tariqa Ukraina jang maydonidagi, Qrimdagi, Qora dengizdagi kemalar – Rossiyaning barcha kuchlari yo‘q qilinadi», – deydi Petreus.

Ayni choqda, u AQSh va NATO yadro ixtilofiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqishiga umid bildirdi.

Generalga ko‘ra, Putin Ukrainada yadro qurolini qo‘llagan taqdirda ham jang natijasi o‘zgarmaydi, chunki hozirgi vaziyat Rossiya qo‘shini mag‘lubiyatga uchrashi muqarrarligini ko‘rsatmoqda. Ta’kidlanishicha, so‘nggi 7 oyda Ukraina o‘z armiyasini Rossiyaga qaraganda kuchli va intizomli darajaga keltira oldi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiyaning yadro qurolini ishga solish ehtimoli jiddiy muhokama va munozaralarni tug‘dirmoqda.

Avvalroq Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns prezident Vladimir Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, V.Putin so‘nggi bor sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring