Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ro‘ziyev, Ermanov, G‘aniyev xiyonati uchun xalqdan kechirim so‘rasin» — Shavkat Mirziyoyev hokimlarni qattiq tanqid qildi (audio)

«Ro‘ziyev, Ermanov, G‘aniyev xiyonati uchun xalqdan kechirim so‘rasin» — Shavkat Mirziyoyev hokimlarni qattiq tanqid qildi (audio)

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.

Videoselektorda prezident so‘nggi kunlarda Xorazm, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida «snos» bilan bog‘liq ishlarni qattiq tanqid qildi.

Ushbu viloyatlar hokimlari o‘zlarining zo‘ravonlik ishlari bilan prezident siyosatiga katta dushmanlik qilayotganini ta’kidladi.

«Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri. Urganch shahar hokimini jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo‘lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan «do‘stliging». Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi.

Sen noinsof menga do‘st bo‘lsang, buzish qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni o‘qi. Bosh vazir borganidan so‘ng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yo‘q bu yerda. Bosh vazirniki turibdi va prezidentning siyosatiga la’nat aytishyapti.

Atrofingda o‘tirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan o‘ylab ko‘rmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yo‘q? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30-50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo O‘zbekistonga o‘tkazib qo‘ygan joying bormi?

Birovni ishdan olish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak bo‘lsa darrov advokatga aylanasizlar.

Bularni o‘qib men qanday kabinetimda tinch o‘tira olay?» — deydi prezident.

«Ikkinchisi, Qashqadaryoning vallomati bor, Ro‘ziyev degan, 5 yil qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan so‘ng chiqqan izohlarni o‘qi. Bitta jinning mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. O‘zimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yo‘q, yana Dehqonobodga tirmashasan. O‘zbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash uchun kechayu-kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan «do‘stliging».

Qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o‘tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman.

Mana, sening «do‘stliging», janob Ro‘ziyev! O‘zingni o‘sha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qo‘yay!» — deydi prezident.

«Mana, internet foydalanuvchilarining Rishtondagi ko‘chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni «Obod qishloq» qilinglar, deb berayapman. Mana, sening menga «do‘stliging», G‘aniyev degan vallomat!

Mana, odamlar izohlarda yig‘layapti, sening rasming yo‘q, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga o‘xshab ahmoqlarcha «buza, buz» deysan. Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi? Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib…

Bolalar mehnati bor edi, endi u yo‘q bo‘ldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan to‘lib toshdi.

Ey noinsof, Rishton bo‘yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G‘aniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro‘ziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo‘rqadi! Nega desangiz, saviyang yo‘q, biliming yo‘q, kitob ham o‘qimaysan, prezidentning qarorini ham», — davom etadi prezident.

«Shularning hammasini inobatga olib, bosh vazir to‘rtta sektorning ishini o‘rganib, ularning mas’uliyati va javobgarligi bo‘yicha menga qaror taklif qiladi. To‘rtta sektor ishlamayapti.

Ikkinchidan, mas’uliyat va javobgarlikni his qilish yo‘q.

Uchinchidan, men birinchi kunidan takrorlab kelmoqdaman: odamlarni bugun rozi qilaydik, deb. Sizlar rozi qilish uyoqda tursin, qilgan ishing odamlarda norozilik uyg‘otish bo‘lmoqda.

Sizlarga o‘xshagan noinsoflar bilan ishlaganim uchun O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayapsizlar. Ermanov, G‘aniyev, Ro‘ziyev va shunga o‘xshagan odamlar.

Agar miqdorini olsak, ikki yarim yilda tadbirkorlik uchun ajratgan pulimiz 30 yilda berilmagan. Buning natijasi iqtisodiyotda, odamlarning kayfiyatida, yalpi ishlab chiqarishda aks etishi kerak. Ajratgan kreditlarimizning 60 foizi hali iqtisodiyotda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsata olgani yo‘q, janob Qo‘chqorov. Bu qip-qizil sening aybing!

Bu masalalar hali tinchigani yo‘q. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar.

Men yana bir marta takrorlayman: bunday zo‘ravonlik siyosati bilan biz uzoqqa bora olmaymiz. Agar zo‘ravonlik siyosati foydali bo‘lganida 30 yilda zo‘r bo‘lib ketgan bo‘lar edik.

Ermanovning qilgan qilig‘i, Ro‘ziyevning qilgan xiyonati — bu madaniyatsizlik.

Endi uchovi internet orqali murojaat qilsin, Abdulla Negmatovich! Ro‘ziyev ham, Ermanov ham, G‘aniyev ham — hammasi. Qanday qilib murojaat qilishini siz o‘zingiz ayting.

Butun elga aytsin: O‘zbekistonni unday deb o‘ylamanglar, men ahmoqlik qilganman, men xiyonat qilganman, deb. Millat emas, mamlakat emas, davlat emas, deb. Kerak bo‘lsa o‘sha blogerlarni yig‘sin, blogerlarga o‘zlari hisobot berishsin», — degan Shavkat Mirziyoyev videoselektorda.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring