Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda erkak xotinini o‘ldirib qo‘ydi. So‘ng...

Samarqandda erkak xotinini o‘ldirib qo‘ydi. So‘ng...

Illyustrativ foto

Samarqandning Pastdarg‘om tumanida qotillik sodir bo‘ldi. Tumanning Zangiboy mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro xotinini urib o‘ldirgani aytilmoqda. Manbamizga ko‘ra, voqelik kuni kecha yuz bergan. Fojiaga er-xotin o‘rtasida yuz bergan oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori.

«Xabar.uz» so‘roviga peshonasi tirishibgina javob bergan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov voqelik yuz berganini tasdiqladi. Yana aniqlik kiritdiki, er (1991-yilda tug‘ilgan) turmush o‘rtog‘ini (1996-yilda tug‘ilgan) kaltaklab emas, bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan. So‘ng jinoyatini yashirish maqsadida go‘yoki ayoli o‘z joniga qasd qilganday taassurot uyg‘otishi uchun murdani yashash uyining qurilishi tugallanmagan qismiga olib kirib, arqondan yasalgan sirtmoqni bo‘yin qismiga bog‘lab qo‘yadi. So‘ng xotini «o‘zini o‘zi osib qo‘ygani» haqida IIBga xabar beradi.

Biroq tuman prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv o‘tkazish jarayonidayoq asl voqelikni aniqladi. Shu tariqa unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan «ish» qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Darvoqe, Bosh prokuratura mas’uli bilan qisqa muloqot jarayonida quyidagicha savol o‘rtaga tashlangandi: sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar hamda ularning fosh etilgani haqida muntazam axborot berib kelgan prokuratura keyingi paytda «passivlashdi», nega?

Savol ochiq qoldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring