Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sardoba xarobalarida». Molxona-omborxona 5 yoshli bola va uning oilasiga boshpana bo‘ldi

«Sardoba xarobalarida». Molxona-omborxona 5 yoshli bola va uning oilasiga boshpana bo‘ldi

Foto: Aziza Umarova blogi

Sardoba fojiasi ro‘y berganiga ancha vaqt bo‘ldi, ammo uning og‘riqli asoratlari hamon arigani yo‘q. Bloger Aziza Umarova to‘fon o‘pirilishi oqibatida qiyin ahvolda qolgan bir oila taqdiri haqida hikoya qildi.

Uning qayd etishicha, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, Haqiqat mahallasi, Bo‘ston ko‘chasida ilgari molxona, omborxona bo‘lgan joy endi bir oila uchun boshpanaga aylangan.

«Bu yerda 44 yoshli idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydigan ayol, uning turmushi o‘xshamagan 25 yoshli sanitarka bo‘lib ishlaydigan qizi Dildora, 16 yoshli yana bir qizi yashaydi. Bu uyda erkak zotidan faqatgina katta qizining besh yoshli o‘g‘li bor. Ushbu postni joylashtirishdan oldin ulardan hujjatlarini so‘rab oldim.

Biz jamiyat sifatida tong sahardan uxlab yotgan odamlar ustiga yopirilgan suv go‘yoki Sardoba tumanida, 1-sovxozda hech kimni oqizib ketmagandek, go‘yo dahshatli hech narsa sodir bo‘lmagandek tutdik o‘zimizni. Dom-daraksiz yo‘qolganlar haqida ham hech qanaqa ro‘yxat yo‘q, jimjitlik. Og‘ir sukunat. Bu endi aybdorlarning vijdoniga havola.

Lekin sog‘-omon, ammo uyidan ayrilib, boshpanasiz qolganlarning holi ne kechadi? To‘g‘on buzilganda oddiy sanitarka Dildora Ashirovaning uyini butunlay suv bosdi. Faqat poydevor qoldi (videosi bor). Bu oila suv toshqinidan jabrlanganlar sifatida hech qanday moddiy yordam olmagan. Tupkadagi bir qishloq joy bo‘lgani uchun uyining kadastri ham yo‘q edi. Kadastrni bahona qilib, davlat ularga uy bermadi, o‘rniga besh qavatli yangi uydan kreditga xonadon sotib olishni taklif qildi.

Bunday oilaning qanday qilib, qaysi puliga uy sotib olishi mumkinligini tasavvur qilishning o‘zi qiyin.

To‘g‘on buzilishida oddiy odamlarning aybi bo‘lmasa, nima uchun u o‘ziga uy sotib olishi kerakligini-ku umuman gapirmasa ham bo‘ladi.

Men Sardobada jabr ko‘rgan odamlarning muammolariga e’tibor qaratishingizni so‘rayman! Dildora va unga o‘xshaganlarga uy berishingizni iltimos qilaman! Davlat hisobidanmi, pudratchilar yo laqqa baliqlar hisobidanmi farqi yo‘q. Lekin qandaydir shubhali qurilish tizimini deb jabrlanganlarning bo‘yniga kredit osib qo‘ymaslik kerak. Vatanimizning «buyuk kelajagi» bo‘lgan bolalariga molxonaning burchagi emas, tuzukroq sharoit yaratish kerak... Qish yaqin qoldi», deb yozadi Aziza Umarova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring