Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senator Vazirlar Mahkamasining «Avtotest» bo‘yicha qaroriga e’tiroz bildirib chiqdi

Senator Vazirlar Mahkamasining «Avtotest» bo‘yicha qaroriga e’tiroz bildirib chiqdi

Foto: «Novosti Uzbekistana»

O‘zbekiston Respublikasi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev Vazirlar Mahkamasining «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga e’tiroz bildirib chiqdi.

«Bir masala ko‘p sonli fermerlarimizning boshini gangitib qo‘ymoqda. Gap shundaki, 2017-yil 4-sentabrdagi Vazirlar Mahkamasining «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 693-son qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorda 2018-yilning 1-yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi va ularga malaka oshirganligi to‘g‘risida «Avtotest Report» MChJning sertifikati topshirilishi belgilangan edi.

Shundan so‘ng hukumatning mazkur qaroriga bir necha marta o‘zgarishlar kiritildi. Natijada yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish faoliyati tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan 2018-yilning 1-avgustidan boshlab amalga oshirilishi belgilangan», deb yozadi senator.

Dadaxo‘jayevning yozishicha, masalaning yana bir jihati bor bo‘lib, u haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish har tomonlama foydalidir. Bugungi kunda joylardagi o‘rganishlarda, internet tarmoqlarida, aholi bilan muloqotlar va ularning murojaatlarida yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish borasida o‘rnatilgan tartibning ijrosi bilan bog‘liq qator muammolar ko‘tarilmoqda.

«Xususan, hozir yurtimizda ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritayotgan 303 ming 300 ta yuridik shaxs va 152 ming 689 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ulardagi avtotransport vositalarini haydovchi vazifasida ishlovchi shaxslardan tashqari rahbarlari yoki xodimlari tomonidan ham haydovchilik guvohnomasi va ishonchnoma asosida boshqarilishi, avtotransportlardan tijorat, shu jumladan, yo‘lovchi va yuklarni tashish maqsadida foydalanilmasligi inobatga olinmagan.

Yoki yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilangan bo‘lib, yo‘l harakati qoidalarini tez va muntazam o‘zgarmasligini inobatga olganda, malaka oshirish uchun qisqa muddat, ya’ni ikki yil belgilangan», deb qayd etadi qo‘mita raisi.

Uning yozishicha, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish tizimini tanqidiy o‘rganib, yanada takomillashtirish, shu jumladan, avtotransport vositasidan tijorat maqsadida foydalanmaydigan va haydovchi vazifasida ishlamaydigan xodimlarning malakasini oshirish masalasi qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.

«Sababi, fermerlarimiz dalasida ayni ish qizigan bir mahalda, yig‘im-terim chog‘larida malaka oshiraman deb boy bergan bir soati ham hosilni yetishtirishda bir necha kunga kechikish, kutilgan hosilni ololmaslik kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Fermer — haydovchi bo‘lmasa, mashinadan esa o‘z xo‘jaligida foydalansa, u nega malaka oshirishi kerak? Dehqon va fermer dalasida ishlasinmi yoki malaka oshirsin? Bu masala nega e’tiborga olinmagan? Bizningcha, o‘rmonga o‘t qo‘yib, ho‘lu quruqning birday yonib, kul bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak...», deya fikrini yakunlaydi senator.

Eslatib o‘tamiz, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining haydovchilarini malakasini oshirish bilan 2018-yil 1-iyundan boshlab barcha davlat ta’lim muassasalari, shuningdek, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi belgilangan edi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring