Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar Bosh prokurorni savollarga ko‘mib tashlay olishmadi

Senatorlar Bosh prokurorni savollarga ko‘mib tashlay olishmadi

Foto: Xabar.uz

Bugun bo‘lib o‘tayotgan Senatning yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini eshitdilar.

Hisobotda O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

O‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmalari asosida prokuraturani chinakam xalq prokuraturasiga aylantirish, faoliyat samaradorligini tubdan oshirish borasida qator choralar ko‘rilgan.

Avvalo, kadrlar bilan ishlash tizimi tanqidiy ko‘rib chiqilib, halol, sadoqatli va professional xodimlar korpusini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga tatbiq etish boshlangan.

Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, mavjud 50 ga yaqin nazorat organlari bilan doimiy hamkorlik va axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, qonuniylikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Nazorat organlaridan olingan ma’lumotlar asosida eng muammoli sohalarda mavjud qonun buzilishi holatlari va tizimli kamchiliklarning asl sabablarini bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni amalda bartaraf etishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, tegishli idoralar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj fuqarolarning 167 mingdan ortiq muammolari hal etilgan, 3,5 mingdan ziyod fuqaroning salkam 7 mlrd. so‘m ish haqi, pensiya va nafaqa pullari undirib berilgan.

TADBIRKORLIK

Tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilib, 7 500 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlangan, qariyb 16 ming nafariga turli muammolarini bartaraf etishda ko‘mak berilgan.

Prokurorlar ko‘magida 15 000 dan ziyod yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilishi, faoliyati to‘xtab qolgan minglab korxonalar tiklanishiga erishilgan.

Prokurorlar tashabbusi bilan 600 nafar tadbirkorlar eksport faoliyatiga jalb etilgan bo‘lib, hozirgi pandemiya sharoitida ham bu ishlar davom ettirilib, 3 379 ta eksportyorning har biriga prokuratura xodimlari biriktirilgan holda, karantin cheklovlari tufayli eksport faoliyati to‘xtab qolishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

JINOYaTChILIK

Jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi vazifalar ijrosiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Bu boradagi ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 647 ta muvofiqlashtiruvchi kengashlari yig‘ilishlari tashkil etilgan.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini ta’minlash borasida 25 mingga yaqin targ‘ibot tadbirlari, shu jumladan, 3 800 marotaba ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar amalga oshirilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida umumiy jinoyatchilik, talonchilik, o‘g‘irlik, tovlamachilik, bosqinchilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, qotillik, nomusga tegish, firibgarlik jinoyatlarining kamayishiga erishilgan.

Respublikadagi 9 116 ta mahalladan 3 074 tasida yoki 33 foizida jinoyat sodir etilmagan.

Shu bilan birga, jinoyat haqidagi ariza va xabarlarning qonuniy hal etilishini ta’minlash, jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlariga qat’iy chek qo‘yish bo‘yicha qator amaliy choralar ko‘rilgan.

Jinoyat ishlarini qayd etishda inson omilini istisno qiluvchi hamda jinoyat ishlari harakatini uch bosqichli tekshiruvdan o‘tkazish imkonini beruvchi «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» tizimi to‘liq joriy qilinib, barcha tergov organlari ushbu tizimga ulangan.

Jinoyat haqidagi xabarlarning ro‘yxatga olinishi va ko‘rib chiqilishini onlayn nazorat qilib borish bo‘yicha yagona elektron dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan.

KORONAVIRUS TARQALIShINING OLDINI OLISh

Prokuratura organlari tomonidan karantin cheklovlari sharoitida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va narx-navoning sun’iy oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Bosh prokuraturada alohida Shtab, joylarda hududiy ishchi guruhlar tuzildi, bu tadbirlarga 2 mingdan ortiq xodimlar jalb qilingan.

Barcha dehqon bozorlari rahbarlari, dorixona hamda oziq-ovqat do‘konlari egalari bilan narxni asossiz oshirmaslik to‘g‘risida ish olib borilgan, tadbirkorlarning muammolarini tezkorlik bilan hal etib borishga e’tibor qaratilgan.

Vaqtinchalik tartib asosida mahsulotlarni bevosita aholi yashash joylariga yetkazib berish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurash qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Aholi orasida asossiz sarosima va vahima tarqalishining oldini olish bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘rilgan.

Koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarni tezkor aniqlash va infeksiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun prokuratura tergovchilaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan.

Ular tomonidan bemorlar bilan masofadan o‘tkazilgan surishtiruvlarda ular bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumotlar olinib, ularni karantinga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Umuman olganda, yurtimiz boshiga tushgan hozirgi murakkab va sinovli kunlarda prokuratura xodimlari pandemiya oqibatlarini yumshatishda bor imkoniyatlarini ishga solmoqda.

SARDOBA HODISASI OQIBATLARINI BARTARAF ETISh

Sardoba suv omborida ro‘y bergan ofat oqibatlarini bartaraf etish borasida ham prokuratura organlari jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Bosh prokuraturada Maxsus shtab, joylarda favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha Ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda.

Ushbu ofatdan jar ko‘rgan aholini uzluksiz zarur oziq-ovqat mahsulotlari, shaxsiy gigiyena vositalari va yotoq anjomlari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Prokurorlar ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda hamkorlikda ushbu hududda fuqarolarimizning xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha qat’iy nazorat olib bormoqdalar.

MO‘YNOQ TUMANIDA AMALGA OShIRILGAN IShLAR

Mo‘ynoq tumanida bevosita prokuraturaning sa’y-harakatlari bilan minglab fuqarolarning muammolari hal qilingan.

Zamonaviy o‘quv markazi, kutubxona, hammom, avtostansiya, qishloq vrachlik punkti qurilib ishga tushirildi.

10 dan ziyod yakka-yolg‘izlarga alohida uylar qurilib topshirildi. Sport maydonchalari, bolalar bog‘chasi, qabriston va «Jantemir Eshon» maqbarasi to‘liq ta’mirlandi.

Shuningdek, 22 ta suv tozalovchi uskuna o‘rnatilib, aholiga toza ichimlik suvi yetkazildi.

Qarovsiz kanallar qayta tiklanib, 800 gektarlik ko‘lga suv tortib kelinishi natijasida hozirda unga  10 mingdan ortiq chavaq tashlangan.

Hisobot oxirida Bosh prokuror uch nafar senatorning savoliga javob berdi. Chunki boshqa savol bo‘lmadi-da. Uch nafar senatorning savoli esa Bosh qonun posbonini «terlatadigan» emasdi...

Bu bilan senatorlar Senatning sobiq raisiga hurmat ko‘rsatishdimi yoki ularning bo‘lgani shumi - bir nima deyish qiyin...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring