Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev YOII bilan hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini aytib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev YOII bilan hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini aytib o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etib nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari, jumladan, YOII bilan hamkorlikni kengaytirish borasida mamlakatimiz uchun ustuvor yo‘nalishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, global bozorlarning tobora parchalanib borayotgani, logistika zanjirlarining murakkablashayotgani va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvor yo‘nalishlarning o‘zgarayotgani sharoitida O‘zbekiston uchun strategik va tabiiy sheriklar bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish prinsipial ahamiyat kasb etmoqda.

Kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlikning so‘nggi to‘rt yilida O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi.

Iqtisodiy aloqalar tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani, kooperatsiya loyihalari kengayib borayotgani barqaror sur’at ko‘rsatayotgani ayniqsa muhimdir. Bu hamkorlarimiz ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlashdan chinakam manfaatdorligini aks ettiradi.

O‘zbekiston Yevroosiyoning asosiy formatlarida faol ishtirok etmoqda. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, agrar sanoat va transport sohalarida 40 ga yaqin aniq tadbirlarni o‘z ichiga olgan uch yillik reja amalga oshirilmoqda.

Qo‘shma Ishchi guruh formatidagi ishlar davom etmoqda: uning beshinchi yig‘ilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston YOIIning elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha tarmoq dasturlarida ishtirok etmoqda.

«O‘zbekiston va YOII bojxona chegaralari orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida axborot almashish to‘g‘risida bitim tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qaror qabul qilinganini olqishlaymiz. Ishonchimiz komilki, transchegaraviy ma’lumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirish, kechikishlarni kamaytirish va transport tizimlarimizning Yevroosiyo yo‘laklariga integratsiyalashga xizmat qiladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Bank bilan birgalikda infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Prezidentimiz YOII bilan hamkorlikni kengaytirish borasida O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Birinchi. Savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya me’yorlari borasidagi yondashuvlarni yaqinlashtirish maqsadida MDH va EOII institutlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni faollashtirish zarur.

Ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va bojxona ma’muriyatchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish maqsadida tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha «O‘zbekiston – EOII» qo‘shma muvofiqlashtiruvchi guruhini tuzish taklifi bildirildi.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda shakllantirish zarur.

O‘zbekistonning ETTBga qo‘shilishi munosabati bilan sheriklikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilab olish hamda ustuvor infratuzilmaviy va «yashil» loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Bank nafaqat moliyalashtirish manbai, balki integratsiya loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish katalizatoriga aylanishi mumkin.

Uchinchi. Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish.

Raqamli platformalarni, jumladan, elektron tijorat va raqamli markirovkalashni o‘zaro bog‘lash bo‘yicha YeOIK bilan «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash taklif etildi.

Bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va yuk tashishning «choksiz» modeliga o‘tish ham ustuvor vazifa sifatida ko‘rilyapti.

To‘rtinchi. O‘zbekiston YOIIning biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi texnologik platformalariga qo‘shilishdan manfaatdor.

Beshinchi. O‘zbekiston turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirishga ham qo‘shilishga tayyor.

Bunday yondashuv mamlakatlarimiz turistik mahsulotlarining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring