Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Prezidentlik lavozimiga nomzodim ko‘rsatilganini behad qadrlayman» — Shavkat Mirziyoyev

«Prezidentlik lavozimiga nomzodim ko‘rsatilganini behad qadrlayman» — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s’yezdida ishtirok etmoqda. Qurultoy davomida Shavkat Mirziyoyev nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ko‘rsatildi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.

— Yurtimiz siyosiy maydonida katta nufuzga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi s’yezdining Siz, hurmatli delegatlari va faollari menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodimni ko‘rsatganingizni, behad qadrlayman.

Bu, men uchun yuksak sharaf va ayni paytda, ulkan mas’uliyat ekanini, yurak-yurakdan his etmoqdaman.

Bundan besh yil oldin, men partiyamiz minbaridan o‘z saylovoldi dasturimni e’lon qilgan edim. Ushbu dasturda davlat va jamiyatimizni yanada isloh qilish, fuqarolarimizning hayotiy muammolarini hal etish va orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishni oliy maqsad etib belgilagan edik.

Besh yil mobaynida aholi farovonligini ta’minlash va uning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida nimalarga erishdik? Qanday marralarni egalladik? Kamchiliklar nimalardan iborat bo‘ldi?

Dasturimizdagi ezgu maqsadlarni hayotga to‘liq tatbiq etish uchun, 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Qisqa davrda mamlakatimizda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmadi, desam, ayni haqiqatdir.

Shu borada bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni istardim: bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun ochildi. Xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha, mutlaqo yangi tizim yaratdik.

Davlat tashkilotlari ish faoliyatida  «mahallaga tushish», «xalq ichiga kirish», uning «dardiga quloq solish»,  «tashvishiga sherik bo‘lish» va «muammolarni joyida hal etish»  tamoyillari, asosiy mezonga aylandi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring