Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari Toshkentda tantanali kutib olindi

Shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari Toshkentda tantanali kutib olindi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati

Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmatning blits va rapid yo‘nalishida o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar 9 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Bugun ana shu nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh aql-idrok sohiblari poytaxtimizga yetib kelishdi. Shaxmatchilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Jasur Matchanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, mamlakat shaxmat federatsiyasi xodimlari, sportchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar o‘rtasidagi II jahon chempionatida hamyurtlarimiz rapid yo‘nalishida 2 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Umida Omonova), 2 ta kumush (Afro‘za Hamdamova, Olmos Rahmatullayev), blits bellashuvlarida esa 3 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Afro‘za Hamdamova, Umida Omonova) hamda 2ta kumush (Ruqiya Olimova, Shahrombek Karimov) medallarini qo‘lga kiritishgandi.

«Musobaqa biz uchun juda yaxshi o‘tdi. U yerda turli mamlakat vakillariga qarshi o‘ynadim va ularni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Jahon chempioni bo‘lib, shohsupaga ko‘tarilganimdan juda xursandman. Shaxmatchilardan norvegiyalik Magnus Karlsenga havas qilaman, uning muxlisiman. Kelajakda dunyoning eng yosh grossmeysteri bo‘lmoqchiman, undan tashqari kattalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishni orzu qilaman», – dedi rapid va blits yo‘nalishidagi jahon chempioni Humoyun Begmurotov.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati

«Jahon chempionati menga juda yoqdi. Raqiblarimning barchasini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo‘la oldim. Minsk juda chiroyli shahar ekan. Bellashuvlarda kuchli raqiblar ko‘p bo‘ldi, ammo biz ulardan kuchli ekanligimizni namoyish etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Bundan juda xursandmiz. Endi Ispaniyada tashkil qilinadigan an’anaviy shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida qatnashamiz, u yerdan ham chempion bo‘lib qaytmoqchimiz», – dedi jahon birinchiligi g‘olibi Afro‘za Hamdamova.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring