Sherali Jo‘rayevning kitobi chop etildi
O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti hamda «Fidokorona xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati» ordenlari sohibi Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari yarim asrdan ziyodki, asl san’at shaydolarining ko‘ngil mulkidan joy olib kelayotir. Ellik yildan oshibdiki, hofiz xonishlari dillarga malham, o‘ksik qalblarga yupanch, Vatan, millat, muhabbat, o‘zlik, g‘urur va or haqida otashin nido bo‘lib yangramoqda.
Sherali Jo‘rayev – serqirra iste’dod sohibi. «Tarix kuylaydi» nomli teatrlashtirilgan konsert dasturining muallifi. O‘zbekiston, Tojikiston va Ozarboyjon kino ijodkorlari hamkorligida suratga olingan «Sherali va Oybarchin» badiiy filmining ssenariy muallifi va bosh rol ijrochisi. O‘z hayoti va ijodiy yo‘li, o‘y-kechinmalariyu dunyoqarashidan hikoya qiluvchi «Bola dunyoni tebratar» kitobi muallifi (1988 yili chop etilgan).
Kuni kecha «Yangi kitob» nashriyoti tomonidan yetuk bastakor, iste’dodli shoir va xushovoz hofiz ijodidan sara namunalar va turli maqolalardan iborat «Bir qo‘shiq kuylayki...» kitobi chop etildi. Unda Sherali Jo‘rayev qalamiga mansub she’ru g‘azallar hamda «Ishq» dostoni o‘rin olgan. Bu go‘zal she’rlar xalqimiz tomonidan maroq bilan tinglanib kelinayotgan qo‘shiqlarga aylanganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Kitobdagi maqolalarda esa hali ommaga e’lon qilinmagan tafsilotlar keltirib o‘tilgan.
«Bir qo‘shiq kuylayki...» taniqli jurnalist, shoir va munaqqid, «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindori Maqsud Jonixonov tomonidan nashrga tayyorlangan.
O‘ylaymizki, ushbu kitob munosib tuhfa sifatida hofiz muxlislarining qalb javonidan mustahkam o‘rin egallaydi. Quyida kitobdagi qiziqarli maqolalardan birini e’tiboringizga havola etamiz.
«Oshiqlarning sardori» aslida kim?
Yaqinda qiziq bir voqea bo‘ldi. «Milliy tiklanish» gazetasining bosh muharriri, taniqli jurnalist Mirodil aka Abdurahmonov telefon qilib, «Sohibjon, Sherali Jo‘rayevning «Sardori menman» ashulasining she’ri kimniki ekanini bilasizmi?» – deb so‘radi, bir oz quvlik bilan. O‘ylab o‘tirmay, «Rasul Hamzatov», – deb javob berdim. «Ana! Sizam bilmas ekansiz, – dedi aka, o‘ylagani to‘g‘ri chiqqanidan xursand bo‘lib. – Kecha bir hurmatli odam bilan gaplashdim, u kishining aytishicha, bu she’rni Sherali akaning o‘zi yozgan ekan!» dedi tantanovor ohangda, Mirodil aka. «Yo‘g‘-yey, bilmas ekanman», – dedim. Chunki, chindan ham bu gapni avval sira eshitmagan edim. Mirodil aka temirni qizig‘ida bosdi: «Sherali aka bilan shu haqda gazetamizga bitta suhbat qilib bersangiz-chi».
To‘g‘risi, o‘zim ham qiziqib qolganim uchun, fursatni o‘tkazmay Sher akaga telefon qilib, muddaoni bayon qildim. Hofiz kulib, «Haqiqatan bu gap tӯg‘ri, mayli gaplashamiz», dedilar. Keyin, “Faqat shu kunlarda ko‘nglimda to‘planib qolgan yana bir-ikkita gaplar bor. Ularni ham yozasizmi?» – deb so‘radilar. «Albatta! Suhbat yanayam qiziq bo‘ladi-ku», – dedim men. Xullas, aka bilan ko‘rishib, ancha gurunglashdik va shu paytgacha bilmagan ko‘p narsalardan xabardor bo‘ldim va ularni sizgayam ilindim.
* * *
Sherali Jo‘rayev:
– Haqiqatan bu juda qiziq voqea bo‘lgan. Adashmasam, yetmishinchi yillar edi, «O‘zbegim» va «Birinchi muhabbatim» singari qo‘shiqlarim bilan ancha tanilib qolganman. Andijondan Samarqandga ketayotib, Toshkentda, bir do‘stimning uyida to‘xtadim. Kelganimni eshitib, asli samarqandlik Obidjon ismli do‘stim yo‘qlab qoldi. Salom-aliqdan keyin, Obidjon, «Hozir televizorda Rasul Hamzatov ayollarni tabriklab (8 mart bayrami kunlari edi), seni mingta odam yaxshi ko‘rsa, o‘shalarning orasida men borman, yuzta bo‘lsa ham borman, bitta bo‘lsa, o‘sha menman, seni hech kim yaxshi ko‘rmay qo‘ysa, Rasul o‘libdi, deb o‘ylagin», degan mazmunda she’r o‘qidi, – deb qoldi.
«Iye! Zo‘r gap ekan-u, buni qo‘shiq qilish kerak, she’ri bormi?» – deb so‘radim. Afsuski, u ko‘rsatuv jonli efirda bo‘lgan, Rasul og‘a she’rni rus tilida o‘qigan, tabiiyki, do‘stim she’rni yozib olmagan ekan. Lekin, she’rning g‘oyasi kuchli bo‘lgani uchun uni hozir, shu zahoti qo‘shiqqa aylantirish fikri menga tinchlik bermay qo‘ygan edi.
Men to‘xtagan uyning darvozasidan kirganda chog‘roqqina xona bor edi. Kechasi o‘sha xonada tunadim. Allamahalgacha uxlamay, shu she’rni yozishga urindim. Aksiga olib, qog‘oz topilmaydi. Uy egalarini uyg‘otish noqulay. Cho‘ntagimdan to‘y taklifnomasi chiqib qoldi. Shuning orqasiga ertalabgacha mayda-mayda harflarda yozib chiqdim. Bir paytning o‘zida ham yozyapman, ham kuyi ham «pishyapti».
«Agar oshiqlaring o‘n mingta bo‘lsa,
Bilginki, alarning sardori menman»,
deb boshlangandi she’r. Rasul Hamzatov shunday yozgan bo‘lsa zo‘r bo‘lardi-da, deb xursand bo‘laman o‘zimcha. Ertasiga Samarqandga ketdim. U yerda Rahmonali degan o‘rtog‘im orqali Urgutning hurmatli kishilari mehmonga taklif qilishdi. Kichikroq davra edi, bir-ikkita ashula aytdim. Mezbonlar yangisidan so‘rab qolishdi. Boyagi ashulani boshlamoqchi bo‘lib, endi og‘iz juftlab turgandim, birdan bulbulning «chah-chah» urib sayragani eshitildi (bahor fasli, biz o‘tirgan bog‘da bulbullar ko‘p ekan). Shundan ilhomlanib:
Bulbullar ichinda tinmas zabonman,
Hamon yoningdaman, tanangda jonman,
degan satrlar keldi xayolimga va yangi qo‘shiqni shu so‘zlar bilan boshladim. Shu tariqa ushbu qo‘shiq yaraldi.
Bir ish bilan Moskvaga borganimda Rasul og‘a bilan ko‘rishganman. Bizni uchrashtirgan do‘stlarimiz, «Bu yigit sizning o‘sha she’ringizni o‘zbek tilida ashula qilgan», deb aytishgan ekan. Rasul og‘aga qo‘shiq ma’qul bo‘ldi, hatto, «Men bu she’rni yozganda sen aytgan joylarini o‘ylamagan ekanman», – degani haligacha esimda. Men u kishiga, «She’rning boshidagi to‘rt qatori sizniki, uni xalqimizning tabiatiga moslab aytdim», – dedim. Rasul og‘a, «Barakalla!» – dedilar.
Sohibjon ALIJONOV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter