Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Abdurahmonovning sirli tashrifidan so‘ng andijonlik jurnalistlar Prezidentga murojaat qilishdi

Shuhrat Abdurahmonovning sirli tashrifidan so‘ng andijonlik jurnalistlar Prezidentga murojaat qilishdi

Arxiv.

Foto: teznews.uz

Shu yilning 21-yanvar kuni tushdan keyin «Andijonnoma» tahririyatiga viloyat hokimligidan xabar keldi: «hokim Shuhrat Abdurahmonov qadam ranjida qilishi ehtimoli bor, tak shto‘...»

Kutilmagan xabardan xushyor tortgan tahririyat xodimlari darhol tayyorgarlikni boshlab yuboradi. Xabardan yaxshi gumonga borgan jurnalistlar o‘ylashdiki, nihoyat, hokimimizning qadami tahririyatga ham yetadigan bo‘ldi, tashrif sababi, katta ehtimol bilan, davlat rahbarining 19-yanvar kungi o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalaga bog‘liq, chunki unda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari tanqidiy muhokama qilingan-da...

Darhaqiqat, aytilgan vaqtda hokim keldi. Biroq jurnalistlar bilan muloqot qilish tugul, hatto salom-alik ham nasiya bo‘ldi.

Shuhrat Abdurahmonov poytaxtdan kelgan martabali mehmon bilan tahririyat binosi va unga tutash inshootlarni ko‘zdan kechirdi, o‘zaro nimalarnidir maslahatlashdi, chamai cho‘tlar qilishdi va... qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday shitob bilan kaytib ketishdi!

Kutilmagan xabar va sirli tashrifdan mahalliy jurnalistlar hang-mang bo‘lib qolaverishdi, xullas!

Andijon shunchalar ixcham hududki, ot yetib bormagan joyga gap yetib boradi. Ko‘p o‘tmay, hokimning sirli va favqulodda tashrifining sababi ma’lum bo‘ldi. Andijonda qurilajak Prezident maktabiga joy qidirilib, Andijon shahar hokimligi va har ikki tahririyat makon tutgan binoga to‘xtalibdi. Hademay, bu yerda katta qurilish ishlari boshlanar ekan...

Albatta, Prezident maktabi qurilishini faqat olqishlash mumkin. Bunga e’tiroz bildirish shakkoklik bilan barobar! Biroq mahalliy jurnalistlar ko‘nglida xavotir ham yo‘q emaski, urho-ur, surho-sur bilan boshlagan ishlar natijasida tahririyat xodimlari ko‘chada qolmasmikan? Achchiq tajribalar yo‘q emas-da. Masalan, uch oyda rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi qariyb ikki yildirki, tugallanmayapti. Noyob kitob fondi esa texnikumlarning birida, tiqilinch sharoitda zax bosgan holda saqlanmoqda. Kutubxonadan o‘quvchilar oyog‘i uzilgan, jamoaning ishlashi uchun sharoit yo‘q. Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi ham xuddi shunday turar joysiz holatda kun ko‘rmoqda.

Ikkinchidan, Prezident maktabi, avvalo mahobatli, qolaversa sharoiti bo‘yicha dunyo andozalari darajasida qurilmog‘i maqsadga muvofiq. Andijon shahri atrofida ko‘zga ko‘rinarli binolar qurilishiga munosib hududlar ko‘p. Shulardan biri shahar chegarasidagi O‘rikzor massivi bo‘lib, bu yerda xalq puliga qurilgan va me’moriy yechimi bo‘yicha tabiiy uyg‘unlik kasb etgan «Vodiy faol yoshlari» majmuasi bir necha yildirki, kimsasiz bir holatda turibdi.

Hokimning ko‘zga cho‘g‘dek ko‘ringan tahriyat binosi 1972-1975-yillarda respublikaning o‘sha paytdagi rahbari, rahmatli Sharof Rashidov tashabbusi bilan qurilgan. Bu tahririyatning 50 yillik yubileyiga to‘yona bo‘lgandi. Bu yil, «Andijonnoma» 100 yilligini nishonlaydi, nasib... Katta sana arafasida shundog‘am qiyin sharoitda qolgan tahririyatni binosidan mosuvo etilishi ehtimoli yuzaga kelayotgani, juda yumshoq aytganda, yaxshi emas. Qolaversa, bino shunchalar mustahakam qurilganki, uni buzishning o‘zi juda katta chiqim talab etadi. O‘rniga yangisini qurishni-ku aytmang...

Yana bir gap. Mo‘ljallanayotgan binolar viloyatning birinchi raqamli ko‘chasida bo‘lib, transport qatnovida tirbandlik darajasi o‘ta yuqori va hali bu holat bartaraf etilishi ehtimoli ham juda past.

Ustiga-ustak, tahririyat binosidan hozirgi paytda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, «Xalq so‘zi» gazetasi hamda O‘zbekiston milliy axborot agentligi hududiy muxbirlari ham qo‘nim topgan.

Ularning taqdiri nima bo‘ladi?

Xullas, voqealar rivojidan xavortirga tushgan «Andijonnoma» tahririyati jurnalistlari Prezidentga murojaat qilishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring