Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Shuhrat Salomov: «Gdlyan jazolansa, tarixiy adolat tiklanadi»

Shuhrat Salomov: «Gdlyan jazolansa, tarixiy adolat tiklanadi»

Gdlyan jinoyatlarining aybsiz qurbonlari, ularning yaqinlari adolat qaror topishini intizorlik bilan kutmoqda!

Foto: « kp.ru»

Yaqinda O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) tarixchi-publitsist Shuhrat Salomov, psixologiya fanlari doktori Mahmud Yo‘ldoshev, Qashqadaryo viloyati IIB siyosiy bo‘limining sobiq boshlig‘i, pensioner Ollomurod Isoqulov, zaxiradagi podpolkovnik Shokir Dolimov, yozuvchi Akbar Mirzoning «Telman Gdlyan – jinoyatchi va u o‘z qilmishlariga yarasha javob berishi kerak» sarlavhali maqolasini e’lon qildi. Unda «Paxta ishi» bahonasida xalqimiz boshiga son-sanoqsiz kulfatlar yog‘dirgan SSSR Bosh prokuraturasi tergovchisi Telman Gdlyan va uning hamtovoqlari amalga oshirgan qabih jinoyatlar, ularni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish va jinoiy javobgarlikka tortish masalalari ko‘tarilgan. Biz ushbu maqola mualliflaridan biri, taniqli tarixchi-publitsist Shuhrat Salomov bilan mazkur mavzu yuzasidan fikr almashdik.

Shuhrat aka, bu g‘oya aslida qachon tug‘ilgandi?

– Avvalo, mazkur maqolani birinchi bo‘lib chop etgan O‘zA rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Gap shundaki, 16-aprel kuni Rossiyaning «Zvezda» telekanali «Asr jumboqlari» dasturida «paxta ishi» to‘g‘risidagi ko‘rsatuv namoyish etildi. Unda o‘zbek xalqiga qarshi jinoyatlarning asosiy aybdori Telman Gdlyanga so‘z berildi va u yana bir bor asl qiyofasini ko‘rsatdi.

Bu o‘zbek xalqiga qarshi navbatdagi tuhmat kampaniyasi edi. Bundan avvalroq, 2016-yilning 8-sentyabr kuni «Yoshlar» telekanalida «paxta ishi» muammolariga bag‘ishlangan «Kuch adolatda» filmining namoyishi ortidan Telman Gdlyan «Ozodlik» radiosiga intervyu berib, o‘zbek xalqiga navbatdagi bo‘htonlarni yog‘dirgan edi. Bu tahqirli intervyu esa O‘zbekiston jamoatchiligida qattiq norozilik uyg‘otdi.

Bunday nosog‘lom qarashlar bevosita O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga ham raxna solishi tayin. Mamlakatlarimiz bugungi kunda strategik hamkor hisoblanadi, Gdlyan va uning ayrim hamtovoqlari esa hozirga qadar o‘z ayblarini xaspo‘shlash uchun Rossiya OAVlari orqali o‘zbek xalqiga qarshi jinoyatlarni davom ettirib kelayotir.

O‘sha kuni kechqurun ishdan keyin bir piyola choy ustida ustozlar va do‘stlarimiz bilan Gdlyan tergov guruhi a’zolarining televideniye orqali chiqishini muhokama qildik. Keyin «Feysbuk»dagi sahifamda ushbu ko‘rsatuvga o‘zimning noroziligimni bildirdim. 29 aprelda esa fikrlarni jamlab, hammaslak do‘stlarimiz bilan bitta maqola holiga keltirdik. Internetga joyladik. Ammo O‘zbekiston milliy axborot agentligi bu maqolaga katta qiziqish bildirishini, ochig‘i, kutmagandim.

Nima deb o‘ylaysiz, aslida «o‘zbek ishi»ni to‘qib chiqarishdan maqsad nima bo‘lgan?

— Bu xalqni qo‘rquv iskanjasida ushlab turishga asoslangan sovet tizimining eski usullaridan biri edi. Buni biz o‘tgan asrning yigirmanchi, o‘ttizinchi, elliginchi yillarida ham ko‘rganmiz.

Masalan, 1918 — 1935-yillarda «qizil terror» tufayli bolsheviklar yurt ozodligi uchun kurashgan qanchadan-qancha bobolarimizni «bosmachi» deb qirib tashlashdi. Keyin 1937 — 1953-yillarda «katta terror» davri boshlandi. Mahalliy ziyolilarimizning qanchasi «aksilinqilobchi» va «panturkist» tamg‘asi bilan qatag‘on qilindi. Bunga 1941 — 1945-yillardagi urush qurbonlarini qo‘shing. Yurtimizning yuz minglab asl farzandlari qurbon bo‘ldi. Yana ta’kidlash joiz, bolsheviklarning kirdikori avvalo rus xalqiniing o‘ziga ham juda katta talafot yetkazdi.

1930 yilning fevral-mart oylarida davlatning kolxozlashtirish siyosatiga qarshi chiqqan 40 ming dehqon «quloq» qilindi. O‘sha yili davlat banklari, sud, prokuratura organlarida ishlovchi xodimlarga nisbatan ham qatag‘on boshlandi. Ular orasida O‘zbekiston Oliy sudning sobiq rahbari Saydullo Qosimov ham bor edi.

1937 — 1953-yillarda O‘zbekistonda 100 ming kishi qatag‘on qilindi, shundan 13 ming nafari otib tashlandi. Ular orasida O‘zbekistondagi turli millat va elat vakillari bor edi. Ne-ne hamyurtlarimiz «qosimovchi», «trotskiychi», «buxarinchi», «inog‘omovchi» tamg‘alari ostida, Yaponiya, Germaniya, Britaniya josusi singari qalbaki ayblovlar bilan qamoqqa olindi va qatl etildi.

1983 — 1989-yillarda Kremlning qo‘llab-quvvatlashi bilan maydonga chiqqan, «o‘zbek ishi», «paxta ishi», «rashidovchilar» deb atalgan «jazo mashinasi» ham sobiq tuzumning vatanimizga qarshi navbatdagi fitnasi edi.

Mana, istiqlolni qo‘lga kiritganimizdan buyon oradan chorak asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bu kunlar bizga osonlikcha kelgani yo‘q, mustaqillikni hech kim bizga qo‘shqo‘llab tuhfa qilgani yo‘q. Ota-bobolarimiz ayni shu yorug‘ kunlar uchun kurashib, jon fido qilishdi. Bu kurash 130 yildan ortiq davom etdi.

O‘tgan kunlar haqida qancha ko‘p fikr yuritsak, bugungi osoyishta ozod kunlarning qadriga shuncha ko‘proq yetamiz.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Toshtemir Qahramonov Gdlyan ishi bo‘yicha Gaaga sudiga murojaat qilgan ekan. Nima uchun uning harakatlari kutilgan natijani bermadi?

— Biz Toshtemir Qahramonovning da’vo arizasi bilan tanishib chiqdik. Xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassislar mazkur arizani yuqori baholashdi. Biroq avval Gdlyan va uning to‘dasiga qarshi O‘zbekistonda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni maslahat berishdi. Ehtimol bunga o‘sha paytdagi byurokratik to‘siqlar xalal bergandir? Gdlyanni jinoiy javobgarlikka tortishga bir paytlar uning guruhida o‘z xalqiga qarshi jinoyatlarda ishtirok etgan mansabdorlar yoki ularning «amal kursisi»da o‘tirgan avlodlari qilmishlari fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqib qarshilik ko‘rsatishgandir?

Sir emaski, oramizda milliy iftixor, milliy g‘urur tuyg‘usidan bebahra insonlar ko‘p. Ular hozir ham sovet davrida O‘zbekistonda korrupsiya avjiga chiqqanini baralla aytishdan tap tortishmaydi. Bu albatta ularning shaxsiy fikri. Har kim fikr, so‘z erkinligidan foydalanishga haqli. Lekin shaxsan men bunday kimsalarni nafaqat o‘zbek, hatto inson deb hisoblashga or qilaman. Ular o‘z xalqining dushmanlaridir.

Gdlyan hozirgi paytda Moskvada yashaydi, yoshi ham saksonga borib qolgan. Unga nisbatan biror jiddiy chora ko‘riladi deb o‘ylaysizmi?

– Xalq jinoyatchisini jazolashning erta-kechi yo‘q. Aybdorni hatto o‘limidan keyin ham ayblash mumkin. Sud amaliyotida noqonuniy sudlanganlarni reabilitatsiya qilish bilan birga, o‘limidan keyin ayblash metodi ham uchrab turadi. Lekin bu holatda aybdorlar tirik va ular o‘zbek xalqiga tuhmat toshlarini otishda davom etishmoqda.

Insonni qaysidir jinoyatni sodir etishda gumon qilish mumkindir. Biroq gumonlanuvchini qiynash, urish, uni o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish, qolaversa, bunday holatlarni tizimli va ommaviy tarzda sodir etish – bu insoniyatga qarshi jinoyatdir.

Xalqaro Gaaga sudiga murojaat yo‘llash tartib-taomillarini davom ettirish hamda Interpol byurosi orqali Gdlyan va Ivanov guruhida bo‘lgan barcha aybdorlarning ekstraditsiyasini talab qilish kerak deb hisoblaymiz. Gdlyan o‘z jazosini olsa, tarixiy haqiqat tiklanadi! Ayni paytda jinoyatchilarning aybini tasdiqlovchi yetarli isbotlar mavjud. O‘sha mudhish voqealar guvohlari va jabr ko‘rganlar hali tirik. Gdlyan jinoyatlarining aybsiz qurbonlari, ularning yaqinlari adolat qaror topishini intizorlik bilan kutmoqda! Bunday jinoyatlar tegishli tarzda jazolanishi lozim.

Gdlyan qilmishiga yarasha jazo oldi ham deylik. Bundan xalqimiz nima yutadi?

— Har bir davlat o‘zining mustaqilligi, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va o‘z fuqarolarini tashqi tahdidlardan himoyalashi lozim. Jahonda turli buzg‘unchi g‘oyalar, jinoiy tushunchalar va iflos qarashlar hamon izg‘ib yuribdi. Albatta, fikrlar uchun jazolash o‘rinsiz. Ammo ana shu qabih fikrlardan kelib chiqadigan aniq xatti-harakatlar har qanday jamiyatda qoralanadi va ularga nisbatan chora ko‘riladi.

Shu bois, o‘ylaymanki, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan ilk kunlardan intiqom vaqti yetib kelgandi. Har bir sog‘lom fikrli inson shunday o‘ylasa kerak. Shuningdek, jahon tajribasida o‘zining jazolash muddatiga ega bo‘lmagan jinoyatlar bor. Ushbu holatda esa jinoyatchilarning aybi allaqachon isbotlangan va ular O‘zbekiston hududida amalga oshirgan jinoyatlari uchun jazolanishi lozim.

Ona zaminimizda va ona xalqimiz taqdirida yuz bergan fojialar o‘z vatanini sevadigan har bir insonning qalbini larzaga solishi kerak. Zotan, har bir komil inson uchun o‘z xalqining fojiasi iztirob, og‘riq va dard bo‘lishi lozim. Xalq va vatan taqdiri har doim olimlar, yozuvchilar, shoirlar, ziyolilarni ilhomlantirishi darkor.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring