Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat qildi

Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat qildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov soha xodimlari va aholiga murojaat qildi. U korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini qayd etib, mazkur illatga qarshi qat’iy kurashish sohadagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Prezidentning 2026-yil 5-maydagi farmoni asosida vazirlik tizimi qayta tashkil etilmoqda. Markaziy apparat zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan hamda ichki nazorat tizimi kengaytirilgan, dedi vazir.

2026-yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.

Shuningdek, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan noqonuniy pul talab qilinishiga chek qo‘yish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Vazirning bildirishicha, 2026-yil 1-iyuldan «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati esa E-Komplaens elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish rejalashtirilgan.

Eldor Odilov fuqarolarni sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki info@ssv.uz elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.

Har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi, dedi vazir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring