Sudga telefon va boshqa uskunalarni olib kirish taqiqlandi

Sud binosiga mobil telefon, audio, foto va video qayd etish vositalari hamda elektron ma’lumot tashuvchi va uzatuvchi uskunalarni olib kirish taqiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Telegram»dagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Xabarda aytilishicha, ushbu qoida «Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomada belgilangan bo‘lib, hujjat Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yo‘riqnomaga binoan sudlar, sud protsessi va ishtirokchilari hamda ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini ta’minlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi. Sudga tashrif buyuruvchi shaxslar sud binosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kirib-chiqadi.
Hujjatda sud binosiga quyidagi buyum va vositalarni olib kirish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan:
— mobil telefon, audio, foto va video qayd etish vositalari hamda elektron ma’lumot tashuvchi va uzatuvchi uskunalar;
— o‘qotar qurol, portlovchi, zaharli, radioaktiv hamda boshqa kuchli ta’sir etuvchi kimyoviy moddalar, qo‘llanilishi (foydalanilishi) atrofdagilar xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa buyum va vositalar.
Sudga tashrif buyuruvchi shaxslar o‘zlari tomonidan olib kelingan sud binosiga olib kirish taqiqlangan buyumlarni sud ma’muriyati tomonidan maxsus ajratilgan joylarda qoldirishi hamda sud binosidan chiqishda o‘zi bilan olib ketishi kerakligi belgilandi.
Sud binosining nazorat o‘tkazish punktida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida xizmat olib borayotgan qo‘riqlash xizmati xodimlari sudga tashrif buyuruvchilar va ularning buyumlarini metallodetektorlardan foydalangan holda tekshirishi mumkin. Yuqoridagi ma’lumotlardan foydalanishda mazkur kanalga havola qilish shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter