Sudya: qisqa ta’rif, ulkan mas’uliyat

Konstutitsiyaga ko‘ra: «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar» (112-modda). Ta’rif qisqa va lo‘nda. Biroq buning zalvori-chi?
Sudyalik qanchalar sharafli bo‘lsa, mas’uliyati undan ham ulkan. Bu shunchaki aytiladigan gap emas. Zero, sud hokimiyati mamlakatning huquqiy-ma’naviy qiyofasini belgilovchi asosiy mezon hisoblanadi. Shu bois sudyalarga nisbatan kasbiy talablardan tashqari odob-axloqning umume’tirof etilgan me’yorlariga qo‘shimcha talablar ham qo‘yiladi. Bu talablar nainki sudyaning xizmat vazifasini bajarish jarayonida, balki xizmatdan tashqari paytda ham rioya etishi shart bo‘lgan axloq qoidalaridir. Bunday qoidalar majmui Sudyalar oliy kengashining alohida qarori (2018 yil 29 yanvar, SOKQ-490-III-son) bilan tasdiqlangan «Sudyalar odob-axloq kodeksi»da o‘z aksini topgan.
E’tiborga olish kerak, mazkur kodeksda sudyalar uchun qonunchilik belgilangan muayyan cheklovlar atroflicha ifodalanishi tabiiy, biroq bu ular (sudyalar)ning milliy va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarida belgilangan barcha huquqlariga daxl qilmaydi. Masalan, kodeksning 14-moddasida «...sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgunga qadar sudya ular yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas»ligi belgilangan. Biroq «...agar ommaviy axborot vositalarida sudyaning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqalishi natijasida sudlar va sudyalar faoliyati haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lsa», bunday chiqishlariga nisbatan sudya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan usullarda munosabat bildirish huquqiga ega.
Shart shuki, sudya ommaviy tanqidga javob berayotganida vazmin va ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Basharti, agar ommaviy axborot vositalarida sudya faoliyatining asossiz tanqid qilinishi oqibatida odil sudlovning obro‘siga va xolisligiga putur yetishi mumkin bo‘lsa, bunday tanqidga javoban Sudyalar oliy kengashiga murojaat etish maqsadga muvofiqdir.
Umuman, sudya ijtimoiy tarmoqlarda, internet-forumlarda va internet tarmog‘idagi boshqa shakldagi muloqotlarda ishtirok etishi mumkin, biroq u sud hokimiyatining, davlat organlarining nufuziga, boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan axborotni tarqatmasligi lozim.
Turmushda odob-axloq me’yorlariga rioya etish sudya odob-axloqining ajralmas qismidir (17-modda). Ya’niki, bunda sudya birinchi navbatda o‘z majburiyatlarini bajarish chog‘ida o‘z diniy e’tiqodlari va mansubligini namoyish qilishdan o‘zini tiyishi lozim. Shuningdek, e’tiborni haddan tashqari jalb etadigan darajada kiyinmasligi, taqinchoqlar va boshqa bezaklar taqmasligi kerak.
Kodeksda sudyaga nisbatan do‘st tanlash va tanish orttirishda ehtiyotkor bo‘lish talabi ham qo‘yilgan (4-modda). Chunki, noqobil do‘st uning sha’ni va sudning obro‘siga putur yetkazishi mumkin. Shunday «do‘st»lar sabab tizimdan ketgan hamkasblarmizni ham ko‘rdik, afsus.
Sudya o‘z nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ommaviy tadbirlar va boshqa jamoat joylarida bo‘lishdan o‘zini tiyishi (9-modda) lozimligiga izoh shart bo‘lmasa kerak.
«Sudyalar odob-axloq kodeksi» sudyalarni xizmat va xizmatdan tashqari cheklovchi qoidalardagina emas. Balki ularning daxlsizligi, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashuvlarni oldini qaratilgan huquqiy hujjat hamdir. Uning 11-moddasida «sud raisi (hay’at raisi) tashkiliy-ma’muriy vakolatlarini amalga oshirishda sudyalarning mustaqilligini cheklovchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishga, ularga bosim o‘tkazishga, shuningdek sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida ma’muriy ta’sirning boshqa usullaridan foydalanishga haqli emas»ligi qayd etiladi. Chunki, barcha sudya – bir xil maqomga ega. Sudya mustaqilligining tub mohiyati ham shunda.
Xulosa o‘rnida aytsak, hujjatning ilk moddasida alohida qayd etilganidek, sudyalik maqomi, sudga murojaat qilgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga doir masalalar yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilishga doir sudyalik vakolati muayyan shaxsga berilganligining o‘zi ushbu Kodeksga rioya etish zarurligini taqozo etadi.
Muhayyo Dedamirzayeva,
Namangan viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter