Tadbirkorlar faoliyatiga eng ko‘p to‘sqinlik qilayotgan tashkilotlar reytingi e’lon qilindi
Biznes-ombudsman 2025-yil uchun tadbirkorlik sub’yektlarida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar faoliyatining reyting baholash natijalarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, mazkur reyting PF-184-son farmon talablari asosida ishlab chiqilgan va Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi tomonidan tasdiqlangan mezonlar asosida shakllantirilgan.
Unga ko‘ra, reyting:
- Tekshiruvlarning qonuniyligi va o‘rnatilgan tartibda o‘tkazilganligi;
- tadbirkorlik subektlarining shikoyatlari;
- tekshiruv huquqiga ega mansabdor shaxslarning attestatsiya natijalari bo‘yicha shakllantiriladi.
O‘tkazilgan baholash yakunlariga ko‘ra, nazorat organlarining ko‘rsatkichlari quyidagicha taqsimlandi:
- 7 ta organ – «Yaxshi»
- 10 ta organ – «Qoniqarli»
- 27 ta organ – «Qoniqarsiz»
Tadbirkorlar bilan «Yaxshi» ishlagan davlat organlari «yettiligi»ni Hisob palatasi boshlab bergan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni – O‘zarxiv agentligi, Davlat zaxiralarini boshqarish agentligi, Kinematografiya agentligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, O‘zbekkonsert davlat muassasasi hamda Narkotik va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi band qilgan.
«Qoniqarsiz» nazorat organlari ro‘yxatini esa Soliq qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi, Kadastr agentligi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish agentligi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi boshqarib turibdi.
Biznes-ombudsman matbuot xizmatining yozishicha, mazkur reyting tizimi nazorat qiluvchi organlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda tizimli kamchiliklarni aniqlashga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter