Prezident farmoni: tadbirkorlarni homiylik, obodonlashtirish, temir-tersak va makulatura yig‘ishga majburlash taqiqlanadi
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlandi:
— tadbirkorlarni o‘z faoliyatidan tashqari, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, temir-tersak va makulatura yig‘ish ishlariga majburiy jalb qilish;
— tadbirkorlarni qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig‘ib olish) va mehnat resurslari, pul mablag‘lari va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
— tadbirkorlar ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.
2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:
— qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish;
— jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter