Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli islomshunos professor Fransua Derosh «114 Qur’on» loyihasida ishtirok etadi

Taniqli islomshunos professor Fransua Derosh «114 Qur’on» loyihasida ishtirok etadi

Kolledj de Frans professori, taniqli qur’onshunos va paleograf olim Fransua Derosh O‘zbekiston tarixiga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalarini qaytarish bo‘yicha «114 Qur’on» loyihasida ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Bu sharqshunos olim Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Madaniy meros haftaligida ma’lum qildi.

Bungacha u shovshuvlarga sabab bo‘lgan Katta Langar Qur’onining topilishida va Sankt Peterburgdagi fragmentlar Suriyaga emas aynan O‘zbekistonga tegishli ekanini isbotlashda katta rol o‘ynagan edi. 8-asr oxiriga tegishli Katta Langar Qur’oni qo‘lyozmasi O‘zbekiston hududidan topilgan eng qadimiy va noyob Qur’on nusxasi hisoblanadi va bugungi kunda uning tarqalib ketgan fragmentlari faksimile nusxalari O‘zbekistonga qaytarilmoqda.

«O‘zbekistonga tarixiy qo‘lyozmalarni izlash uchun keldim. Albatta, qo‘lyozmalar juda muhim. Ular bosma kitoblardan farq qiladi, ular boshqacha. Bu tarixga, madaniy merosga nazar tashlashning boshqa bir turi hisoblanadi. Davlatingiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan madaniy islohotlar boshqa xorijlik mehmonlar qatori menda ham qiziqish uyg‘otmoqda. Bu borada ijobiy fikrdaman.  Haftalikda ishtirok etib, bu ilmiy uchrashuvlar va bahslar naqadar jamiyat uchun kerak ekanligiga amin bo‘ldim! Sizning ayniqsa, dunyoning turli davlatlaridan olimlarni bir joyga jamlaganingiz eng yaxshi tashabbus. Respublikangiz Prezidentining bu kabi madaniy islohotlari bilan O‘zbekistonni dunyo hamjamiyatida yanada kashf etasiz. Mamlakatingizning madaniy merosini ommalashtirish borasida siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, deb hisoblayman. Shuning O‘zbekistondagi Islom svilizatsiya markazining faoliyati bilan tanishdim va «114 Qur’on» loyihasida ishtirokim bo‘yicha kelishuvga erishdik. Umid qilamanki ushbu hamkorligimiz foydali bo‘ladi» - deya fikr bildirdi professor Derosh.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning aytishicha chet ellarga tarqab ketgan O‘zbekistonga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalarini topish va faksimile nusxalarini vataniga qaytarish bo‘yicha «114 Qur’on» loyihasi ustida ish boshlangan:

«Avvaliga biz noyob Qur’on mushaflarini topish va o‘rganishni niyat qilgan edik. Keyinchalik Prezidentimiz dunyo kezib, chet ellik olimlar bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi topshiriqlaridan so‘ng bir qator davlatlarda bo‘lganimizda ma’lum bo‘ldiki xorijda O‘zbekistonga oid Qur’on qo‘lyozmalari juda ko‘p va nodir namunalar mavjud ekan. Buning isboti esa so‘nggi oyning o‘zida birgina Turkiyadan Temuriy malika o‘z qo‘li bilan bitgan Qur’on, O‘zbekxon Qur’oni  va Sahix Buxoriy asarining 825 yillik qo‘lyozmasi topilgani. Shuning uchun biz butun dunyodan O‘zbekistonga oid 114ta noyob Qur’on qo‘lyozmalarini topish va qaytarish bo‘yicha ish boshladik. Topilgan Qur’on qo‘lyozmalari faksimile nusxalarini Islom sivilizatsiyasi markazi binosidagi 67 metrlik ulkan gumbaz ostiga yig‘ib, o‘zbekistonliklar e’tiboriga havola qilmoqchimiz. Va bunda bizga taniqli qur’onshunos olim Fransua Derosh ham yordam beradigan bo‘ldi. Bu biz uchun juda qadrli chunki Derosh ko‘plab muzey va kutubxonalar hamda shaxsiy kolleksiyalar xaqida chuqur ma’lumotga ega. Bu borada bizga ko‘p yordam bera oladi. Va buning barchasi Respublikamiz Prezidenti tashabbuslari va ko‘maklari bilan amalga oshirilayotganini ham alohida qayd etish zarur».

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda ilmiy-madaniy haftalikni o‘tkazmoqda. Ayni kunlarda yurtimizda 20dan ortiq davlatdan 100dan ortiq olimlar O‘zbekiston xalqaro madaniy meros haftaligida o‘z ilmiy ma’ruzalari va taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring