TATU-BDARU qo‘shma fakulteti: to‘rt yil o‘qish, ikki diplom
2018-yilning sentyabr oyida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belorussiya davlat axborot va radioelektronika universiteti o‘rtasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun Axborot texnologiyalari qo‘shma fakultetini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi.
Ushbu shartnomaga binoan 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetida TATU-BDARU Axborot texnologiyalari qo‘shma fakultetiga uch: axborot texnologiyalarning dasturiy ta’minoti; dasturlanadigan mobil tizimlar; sun’iy tafakkur yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar o‘qishga qabul qilinadi.
E’tiborlisi, TATU-BDARU Axborot texnologiyalari qo‘shma fakultetida o‘qish «2+2» sxemasi asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, 2 yil TATUda, 2 yil BDARUda. Ushbu fakultetni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar ikki diplomga ega bo‘lishadi.
Shu kunlarda TATU-BDARU Axborot texnologiyalari qo‘shma fakulteti qoshida TATU va BDARU yuqori malakali o‘qituvchilar tomonidan 9 oy davomida quyidagi fanlar bo‘yicha tayyorlov kurslari tashkil qilinmoqda:
- Rus tili — 4 oy.
- Ingliz tili + Informatika — 1 oy.
- Matematika + Fizika — 4 oy.
Tayyorlov kurslarida o‘qitishning umumiy soatlar hajmi 1120 soat tashkil qiladi.
O‘qitish uchun to‘lov summasi oyiga 500 000 so‘m etib belgilangan.
Tayyorlov kurslari fanlari bo‘yicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchi BDARU sertifikatiga hamda muddatdan oldin talaba bo‘lishga imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida: Belorussiya davlat axborot va radioelektronika universiteti (BDARU) Belorussiyaning yirik milliy ilmiy-ta’lim markazi bo‘lib, o‘quv va ilmiy faoliyat olib borish uchun ulkan imkoniyatlarga ega OTM hisoblanadi. Universitet zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan va rivojlangan infratuzilmaga ega. Universitetda ta’lim olish va ilmiy-tadqiqot faoliyatni yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter