Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tibbiyot tizimida 59 kollej va 16 ta texnikum faoliyat yuritadi. Ular qaysilar?

Tibbiyot tizimida 59 kollej va 16 ta texnikum faoliyat yuritadi. Ular qaysilar?

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sifatini yaxshilash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, xalqaro standartlarni yurtimiz ta’lim tizimiga joriy etish hamda innovatsion ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, 2019 yil 6 sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon ham ayni shu maqsadga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Unga muvofiq, yurtimizda professional ta’lim dasturlari nufuzli xalqaro tashkilot – YuNESKO tomonidan qabul qilingan Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uyg‘unlashgan holda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtiriladi. Xususan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizda yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi. Bu orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlanib, ish beruvchilar keng jalb qilinadi.

Farmonga asosan, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalariga Xalqaro tasniflagich bo‘yicha asosiy ta’lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi berildi. Unga ko‘ra, tizimda mos ravishda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berib o‘tdi.

Ushbu Farmondan kelib chiqqan holda ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimidagi 78 ta tibbiyot kollejlari negizida o‘rta professional ta’lim bosqichida – 59 ta kollej, o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida – 16 ta texnikum joriy etilishi belgilandi. Qolgan uchta kollej esa tugatiladi.

O‘rta professional ta’limga yo‘naltirilgan 59 ta kollejda kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi ta’lim shaklida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

O‘rta maxsus professional ta’lim bosqichidagi 16 ta texnikumda esa kadrlar tayyorlash kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi ta’lim shaklida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida tayyorlanadi.

Quvonarlisi, ushbu texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.

Tibbiyot yo‘nalishida 2020/2021 o‘quv yilida tashkil etiladigan texnikumlar ro‘yxati quyidagi tartibda bo‘ladi:

1-Respublika tibbiyot kolleji, Siyob tibbiyot kolleji, Nukus-1 tibbiyot kolleji, Denov tibbiyot kolleji hamda 2-Marg‘ilon tibbiyot kollejlari Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida;

2-Respublika tibbiyot kolleji, Shahrisabz tibbiyot kolleji, Namangan-1 tibbiyot kollejlari Pediatriya tibbiyot instituti huzurida;

Qarshi tibbiyot kolleji va Urganch tibbiyot kolleji Stomatologiya instituti huzurida;

Buxoro tibbiyot kolleji va Qorako‘l tibbiyot kollejlari Buxoro tibbiyot instituti huzurida:

Samarqand tayanch tibbiyot kolleji va Urgut tibbiyot kolleji Samarqand tibbiyot instituti huzurida;

Andijon tibbiyot kolleji va Bo‘z tibbiyot kollejlari Andijon tibbiyot instituti huzurida texnikum sifatida qayta tashkil etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring