Toshkent chiroyi tadbirkorning «belini sindirish» evaziga bo‘lmasligi kerak – Bobur Bekmurodov
Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida tadbirkorlarni o‘zlariga tegishli reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilishga undash holatlari ko‘paygani haqida xabarlar tarqalgandi.
«Yuksalish» UMH rahbari Bobur Bekmurodov, mazkur holatga munosabat bildirib, bu jarayonning «qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim»ligini ta’kidlamoqda.
Harakat rahbari, bu borada quyidagi prinsipial masalalarga e’tibor qaratish shart deb hisoblaydi:
- birinchidan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.
- ikkinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish — bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.
- uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy juchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga «ikki kun ichida demontaj qil» deb talab qo‘yish — bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
- to‘rtinchidan, rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat - «o‘tish davri» beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda.
«Biz mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqiramiz. Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning «belini sindirish» evaziga bo‘lmasligi kerak.
Shahar ma’muriyati biznes bilan «buyruqbozlik» tilida emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozim», – deydi Bobur Bekmurodov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter