Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent viloyati hokimligi «Sea Breeze» loyihasini o‘z yo‘nalishi doirasida nazorat qilmoqchi

Toshkent viloyati hokimligi «Sea Breeze» loyihasini o‘z yo‘nalishi doirasida nazorat qilmoqchi

Toshkent viloyati hokimligi «Sea Breeze» kurort majmuasi qurilishiga doir bayonotini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, viloyatning Bo‘stonliq tumani O‘zbekistondagi eng salohiyatli turizm hududlaridan biri bo‘lib, 2024-yilda tumanga 12 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan (qariyb 300 ming nafari xorijlik).

Turizmni rivojlantirish orqali daromadlarni oshirish Toshkent viloyatining o‘sish nuqtalaridan biri bo‘lib, ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili Bo‘stonliqda turizm eksporti 325 million AQSh dollarini tashkil etgan.

«Bu ko‘rsatkich hududning bugungi kundagi qabul qilish imkoniyatidan 4 barobar yuqori. Sayyohlar oqimi o‘sib borayotgani, mavjud mehmonxona va dam olish maskanlari yetarli emasligi esa qator noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda», – deyiladi rasmiy bayonotda.

Shu munosabat bilan, «Sea Breeze» kurort majmuasi loyihasi doirasida Chorvoq suv ombori bo‘yida 577 gektar yer maydoni va unga tutash 3 ming gektarlik hududda keng qamrovli ishlar rejalashtirilgan. Dam olish maskanlari, cho‘milish havzalari, sport maydonchalari, savdo va servis markazlari shular jumlasidan. Shuningdek, xalqaro festivallar, konsertlar va anjumanlar o‘tkazishga xizmat qiluvchi maydonlar hamda ikki qirg‘oqni bog‘lovchi ko‘prik quriladi.

Ta’kidlanishicha, loyiha amalga oshirilishi natijasida 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi, turizm eksporti 500 million AQSh dollarga yetishi, chet ellik sayyohlar oqimi esa yiliga 5 million nafargacha ko‘payishi kutilmoqda.

«Alohida ta’kidlash joizki, hudud aholisiga ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi loyiha doirasida tegishli majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

Xususan, loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlari ekologiya, qurilish, kadastr va sanitariya sohalari bo‘yicha viloyat tuzilmalari tomonidan tizimli nazoratga olinishi ta’minlanadi.

Yer uchastkalarini ajratish, ijaraga berish va qayta rasmiylashtirish bo‘yicha barcha jarayonlar tasdiqlangan master-reja asosida, ekologik talablar inobatga olingan holda va ochiq monitoring sharoitida amalga oshirilishi nazorat qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda yerdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolarga kompensatsiyalar to‘lanadi», – deyiladi hokimlik bayonotida.

Shuningdek, viloyat hokimligi mazkur hududda qonunbuzarlik, tabiatga zarar yetkazish yoki jamiyat manfaatlarini zid bo‘lgan har qanday urinishlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidlaydi.

Manba: t.me

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring