Toshkentda kuzatilayotgan elektr uzilishlar yuzasidan vazirga so‘rov yuborildi

Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida so‘nggi paytlarda uzilishlar ko‘paygani aholining kundalik hayoti, ijtimoiy soha ob’yektlari va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlar tomonidan elektr ta’minotidagi 3–4 soatlik uzilishlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bildirilmoqda. Ushbu uzilishlar nafaqat fuqarolarning kundalik turmush tarziga, balki tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarining barqaror ishlashida ham muammolar yuzaga kelmoqda.
Xususan, svetoforlar faoliyatidagi uzilishlar transport harakatini tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda, bu esa yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish va savdo ob’yektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqishi natijasida yirik moliyaviy zararlar yuzaga kelayotgani, xonadonlarda esa maishiy texnika vositalarining ishdan chiqishi holatlari aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi Qonunning 39-moddasiga ko‘ra, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr energiyasini olish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu Qonunning 61-moddasida ta’kidlanishicha, ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqatgina baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkin.
Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan tegishli tushuntirishlar berish maqsadida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov nomiga senator so‘rovi yuborildi.
Manba: senat.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter