Toshkentda xizmat xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgan IIB xodimi qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahrida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektorining xizmat xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Natijada, inspektor ushbu xonadonda narkolaboratoriya tashkil etganligi aniqlanib, o‘rami bilan jami 10 kg 500 gr «Alfa-PVP» va 4 gr «Spays» sintetik narkotiklari hamda giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan 588 gr suyuqlik, asbob-uskunalar, elektron torozi borligi ma’lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, profilaktika inspektorning Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi doimiy yashash xonadoni tekshirilganda, yerga ko‘mib, yashirib qo‘yilgan taxminiy og‘irligi 430 gr bo‘lgan «Alfa-PVP» narkotik moddasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar xodimi «Telegram» messenjeri orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi profil egasi topshirig‘i asosida narkokur’yerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kelingan moddalarni qabul qilib olib, yashirin laborotoriya sharoitida ajal og‘usini tayyorlab, tarqatish bilan shug‘ullangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi hamda 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa narkotik moddalarni «zakladka» tarzida tarqatib, sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan Angren shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining 2001 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigidan 971 gr «Katinon» sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan mazkur 25 yoshli shaxs qabul qilib olgan ajal og‘usini kelgusida kichik bo‘laklarga taqsimlagan holda sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, qonunchilikka muvofiq har ikki holat bo‘yicha ham gumondorlarga nisbatan 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter