Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovani hibsga olishga sanksiya bergan Toshkentning «temir prokuror»i qo‘lga olindi

Gulnora Karimovani hibsga olishga sanksiya bergan Toshkentning «temir prokuror»i qo‘lga olindi

Foto: «Rferl.org»

«Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi Mira’lam Mirzayev qo‘lga olingan. Hozircha bu xabar rasman tasdiqlangani yo‘q.

Mira’lam Mirzayev o‘z lavozimida uzoq yillar davomida ishlab kelgan va qiziq jihati uning bevosita rahbarlari almashinuvi ham Mirzayevga daxl qilmagan. U Prezident Shavkat Mirziëyev 2017-yilning 9-fevral kungi selektor yig‘ilishida ichki ishlar hamda prokuratura tizimlarini tanqid qilganidan bir necha kun o‘tib ishdan olingan edi.

Shuningdek, u Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlasa-da, Toshkent shahriga yangi prokuror tayinlanishi jarayonida qatnashmagani, o‘zi va unga sodiq bir qator tuman prokurorlari bilan birga yangi tayinlovga shu tarzda «boykot» e’lon qilgani, Gulnora Karimovani hibsga olish haqidagi sanksiyaga aynan Mira’lam Mirzayev imzo chekkani xususida ham ma’lumotlar bor.

Mazkur hibsga olishlar sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov hibsga olinishining uzviy zanjiri deya baholanmoqda. Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha mazkur jinoyat ishi yuzasidan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirovning kuyovi, Milliy xavfsizlik xizmati tergovchisi  Nodir To‘raqulov, Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi, Toshkent viloyatining sobiq prokurori, adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziyev, O‘zbekiston Bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Sunnatov qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Hozircha bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanganicha yo‘q.

Hozircha sobiq prokuror qayerda so‘roq qilinayotgani, u nimada ayblanayotgani ma’lum emas. Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bu ma’lumotni tasdiqlamadi ham, inkor ham etmadi. «Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring