Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp qaysi amali evaziga «jannatga kirishi»ni aytdi

Tramp qaysi amali evaziga «jannatga kirishi»ni aytdi

Tramp Vashingtondagi cherkov oldida Bibliyani ushlab turibdi.

Foto: Oq uy

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatish orqali jannatga kirishga umid qilishini aytdi.

«Agar bir haftada 7 000 kishini o‘limdan qutqara olsam, o‘ylaymanki, bu yomon natija emas. Imkoni bo‘lsa, jannatga tushishni istayman... Agar jannatga kirsam, bu (urushni to‘xtatish nazarda tutilmoqda — tahr.) asosiy sabablardan biri bo‘ladi»,dedi Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.  

U, shuningdek, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qurolli ziddiyatni to‘xtatganini ham urg‘ulagan.

Ma’lumot o‘rnida: Tramp joriy yil 15-avgust kuni Alyaska shtatida rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urush masalasida muzokara o‘tkazdi. Trampning o‘zi Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtandi. Ammo tahlilchilar Putin Trampni dog‘da qoldirganini aytmoqda.

Jannatga kirish haqidagi bayonot yuzasidan izoh bergan Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Trampning fikri hazil emasligini ochiqladi.

«O‘ylashimcha, prezidentning fikri jiddiy. Prezident ushbu xonada o‘tirgan barcha odamlar kabi joyi jannatda bo‘lishini istaydi»,  — dedi Oq uy matbuot kotibi. 

79 yoshli Tramp marhuma onasi jannatda ekaniga ishonchi komil ekani, otasi borasida esa aniq fikr aytolmasligidan bahs etgan.

Tramp 2016-yilgi prezident saylovida ham o‘zining jannatga kirish imkoniyatini esga olgandi. O‘shanda respublikachi siyosatchi saylovdagi g‘alaba va prezident sifatida yaxshi ishlash «jannatga kirishning ehtimol yagona yo‘li» ekanini aytgan.

Tramp hozirga qadar 6 ta urush — Armaniston va Ozarbayjon, Isroil va Eron, Hindiston va Pokiston, Kamboja va Tailand, Misr va Efiopiya, Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etganini da’vo qilib keladi. Ushbu xizmatlari evaziga u jannatdan tashqari, tinchlik yo‘lidagi Nobel mukofotiga ham loyiq ekanini ochiq aytmoqda.

Tarafdorlar uni «tinchliksevar prezident» deb maqtamoqda. Muxoliflari esa G‘azo sektorida minglab tinch aholi o‘ldirilayotgan bir paytda Isroilni qurollantirishda davom etayotgani sabab keskin tanqid qilmoqda.

Nasroniy diniga mansub Donald Tramp hayoti davomida e’tiqodini xristianlikning turli yo‘nalishlariga o‘zgartirgan. Ayni paytda esa u konfessiyalardan xoli nasroniy hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring