Tug‘ilish darajasining yuqoriligi ijtimoiy soha ob’yektlari va elektr energiyasi ta’minotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
2023-yilning boshida O‘zbekiston Respublikasining aholisi 36,0 million kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 753,6 ming kishi (2,1%) ko‘p demakdir. Aholining bunday o‘sishi asosan o‘lim darajasining nisbatan pastligi va tug‘ilish darajasining yuqoriligi bilan bog‘liq. 2022-yilda 932,2 ming go‘dak dunyoga kelgan.
Demografik prognozlarga ko‘ra, 2035-yilgacha tug‘ilishlar soni bir xil darajada saqlanib qoladi (o‘rtacha 950-980 ming), aholi soni esa 45,6 million kishidan oshadi. 2035-yilga borib, aholining yosh tarkibidagi o‘zgarishlar natijasida 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va mehnatga layoqat yoshidan kattalar soni mos ravishda 3,2 million va 2,3 million kishiga ko‘payishi kutilmoqda.
Demografik dividend. 2022-yil boshiga kelib, dunyoda mehnatga layoqatli aholiga bolalar ta’siri ko‘rsatkichi 41 nafarni, rivojlangan mamlakatlarda 25 nafarni tashkil etdi. Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2035-yilgacha demografik soliq to‘lash xavfi kutilmaydi.
Aholi sonining oshishi birinchi navbatda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga ta’sir qiladi.
Sog‘liqni saqlash. 2022-yil boshida respublikada 1281 ta shifoxona mavjud bo‘lib, har 10 ming kishiga 46,9 ta shifoxona o‘rni to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, bir smenada 683 ming kishini qabul qiladigan 6676 ta ambulatoriya-poliklinika mavjud bo‘lib, bu har 10 000 kishiga 197 nafarni tashkil etishini anglatadi. Ushbu muassasalardagi tibbiyot xodimlari soni 95,6 ming kishini tashkil etadi, ya’ni har 10 ming kishiga 27,1 nafar tibbiyot xodimi yoki bir shifokorga 369 nafar bemor to‘g‘ri keladi. 2035-yilga borib, aholining o‘sishini hisobga olgan holda, fuqarolar salomatligini saqlash va mustahkamlash maqsadida ambulatoriya-poliklinikalar sonini 8450 taga yetkazish zarur (bitta ambulatoriya-poliklinika 18500 kishiga mo‘ljallangan).
Prognozlarga ko‘ra, respublika aholisi yiliga o‘rta hisobda 711,0 ming kishiga ko‘payadi. O‘sish shunday bo‘lgan taqdirda ham shifokorlar va hamshiralar zimmasiga tushadigan yuklamaning ortib ketmasligi kutilmoqda. 2035-yilga borib, shifokorlar bilan ta’minlanish darajasi 10 ming kishiga 28,4 nafarni, hamshiralar bilan ta’minlanish darajasi esa 116,8 nafarni tashkil etadi.
Tibbiyot muassasalari va xodimlari (2022)
Ta’lim tizimi. 2023-yil boshida, 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 2925,2 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2035-yilga borib, 3738,3 ming nafarni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. 2023-yil boshiga respublikada 29420 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ulardagi tarbiyalanuvchilar soni 2,1 million nafarni tashkil etgan (qamrab olish darajasi 71,8%).
3-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha mavjud ko‘rsatkichlarni saqlab qolish, shuningdek, kelajakda dunyoning rivojlangan mamlakatlari (90% ga yaqin) ko‘rsatkichlariga erishish uchun respublikaning barcha hududlarida maktabgacha ta’lim muassasalarida 1264 ming bolaga mo‘ljallangan yangi o‘rinlarni tashkil etish zarur. Barchani qamrab olish uchun budjetdan qo‘shimcha 37 trillion so‘m ajratish lozim.
2022/2023 o‘quv yilida jami o‘quvchilar soni 6461,7 ming nafarni, o‘qituvchilar soni esa 540,7 ming nafarni (o‘rindoshlardan tashqari) tashkil etdi, ya’ni har bir o‘qituvchiga 11,9 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keldi.
2022/2023 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini jami 430 ming nafar o‘quvchi tamomlaydi. 2022/2023 o‘quv yilida 701,9 ming nafar bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. 2035-yilga borib, 7-17 yosh oralig‘idagi bolalar soni 9737,4 ming nafar bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa 2035/2036 o‘quv yiliga qadar qo‘shimcha 3,0 million o‘quvchi o‘rni yaratilishini talab etadi.
Har yili oliy ta’lim muassasalari mehnat bozoriga o‘rtacha 30 ming nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchilarni chiqaradi. 2035-yilga borib, oliy ta’lim muassasalariga qabul darajasini 55% ga yetkazish va xotin-qizlar uchun ajratiladigan kvotalarni oshirish natijasida oliy ta’lim muassasalari har yili o‘rtacha 40 ming nafar pedagog kadrni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2035-yilga borganda o‘qituvchilar soni 970 ming nafarni tashkil etadi. Natijada har bir o‘qituvchiga 10 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Ushbu hisob-kitoblarga asoslanib aytish mumkinki, yaqin kelajakda o‘qituvchilarga talab yuqori bo‘ladi. Lekin shunga qaramay ularning yetishmasligi kuzatilmaydi, ayrim katta shaharlar bundan mustasno.
Aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarga tushadigan demografik yukning tobora oshib borishi ichki bozorda amalga oshirilayotgan energetika siyosatining ijtimoiy ustuvor yo‘nalishlarini kuchaytirishni talab etadi.
PMTI mutaxassislari tomonidan olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu davrda ichki bozorga yetkazib berilayotgan elektr energiyasini taqsimlashda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.
2016-2022 yillarda aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beriladigan elektr energiyasi 40% ga oshdi. Energiya iste’molining umumiy tarkibida aholi ulushini 2016-yildagi 26,4% dan 2022-yilda 28,9% gacha o‘sgan. Shuningdek, aholi jon boshiga elektr energiyasi iste’moli yiliga o‘rtacha 4% o‘sib borayotgani ham aniqlandi. Ta’kidlash joizki, tahlil qilinayotgan davrda elektr energiyasi iste’molining o‘sish tendensiyasi butun respublika hududlari bo‘yicha shakllangan – 2016-yil darajasiga nisbatan 1,24 baravar ortiq. Energiya iste’molining o‘sishiga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganish elektr energiyasini iste’mol qilish va aholi sonining o‘sishi o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik borligini ko‘rsatdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, energiya iste’molining o‘sishi va aholi soni nisbati orqali hisoblangan elastiklik koeffitsiyenti qiymati 1,02 - 1,1 oralig‘ida shakllangan. Ushbu ko‘rsatkichning butun o‘rganish davri uchun o‘rtacha qiymati 1,04 ni tashkil etdi. Bu aholi sonining 1% ga ko‘payishi bilan elektr energiyasiga qo‘shimcha talabni rag‘batlantirish foizini belgilaydi. Bu nisbat uzoq muddatli istiqbolda 1,04 darajasida saqlanib qolishi va aholi sonining o‘sish prognozlaridan foydalangan holda 2030-2040 yillar uchun elektr energiyasini iste’mol qilishning ehtimoliy darajasi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirildi.
Hisoblash natijalari shuni ko‘rsatdiki, 2035-yilgacha bo‘lgan davrda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi har yili 5-5,3% ga oshishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, aholi va umuman iqtisodiyotning o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun 2030-yilgacha elektr energiyasi quvvatini mavjud darajaga nisbatan kamida 1,7 barobar oshirish talab qilinadi. Shu bilan birga, yuqoridagi hisob-kitoblarda cheklovlarning kuchayish omili hisobga olinmagan. Elektr energiyasiga bo‘lgan talab to‘liq qondirilmayotganligi tahlil qilinayotgan davr mobaynida uy xo‘jaliklarida tez-tez uzilishlar bilan tasdiqlanadi va joriy yilning yanvar oyida, ayniqsa sezilarli bo‘ldi. Ushbu omilni tenglashtirish uchun ehtiyojning taxminan 8-10% i deb faraz qilinayotgan mavjud yetishmovchilikni to‘ldirishni hisobga olgan holda baholash amalga oshirildi, Bunda elastiklik koeffitsiyentining qiymati boshlang‘ich qiymatdan oshib ketdi va o‘rtacha 1,06 ni tashkil etdi. Ushbu qiymatlardan kelib chiqqan holda, aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 2035-yilgacha bo‘lgan davrda nisbatan tezroq sur’atlarda, 6,2-6,5% oralig‘ida oshadi. Shunga ko‘ra, 2030-yilga borib, energetika quvvatlari dinamikasi rivojlanishning yuqori sur’atlari, aniqrog‘i 1,8-1,9 barobar oshishi bilan xarakterlanadi. Iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari va sohalari tomonidan energiyaga bo‘lgan talabning kutilayotgan ortishi fonida aholi talabining prognoz qilinayotgan o‘sishi milliy energetika tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha keng ko‘lamli va kompleks qarorlarni ishlab chiqish va samarali amalga oshirishni taqozo etadi.
Takliflar. Aholi sonining nisbatan yuqori sur’atlarda oshib borishi mamlakat iqtisodiyoti uchun keng imkoniyatlar yaratadi. O‘z navbatida kutilayotgan yuqori demografik salohiyatning ta’sirini bilgan holda quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish zarur:
Davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish, ularga litsenziya va boshqa ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi a’zolari budjet mablag‘larini taqsimlash va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini o‘rta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishi zarur.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro va mahalliy ishtirokchilar, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar O‘zbekistonga sarmoya kiritish borasidagi qarorlarni qabul qilishda demografik prognozlarni inobatga olgan holda, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga o‘rta muddatli talab mavjud ekaniga ishonchi komil bo‘lishi mumkin.
Prognoz natijalari energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan, muvofiqlashtirilgan va bosqichli islohotlarni amalga oshirish muhimligini ko‘rsatadi.
Demografik yukning ortib borishini hisobga olgan holda energetika tizimlarini boshqarish va rivojlantirish borasida mutlaqo yangi yondashuvlarni ishlab chiqish talab etiladi. Bunda real vaziyat hamda imkoniyatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlarning energetika sohasidagi integratsion salohiyatini jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Milliy energetika tizimini imkon qadar tezroq yadro, vodorod va boshqa muqobil «yashil» texnologiyalardan foydalanishga asoslangan yangi texnologik platforma parametrlariga integratsiyalashning dolzarbligi ortib bormoqda.
Elvira Bikeyeva,
PMTI guruh rahbari,
Muhabbat Ahmedova,
PMTI guruh rahbari
Anvarxo‘ja Shoazizov,
PMTI yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter