Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turk kompaniyasi O‘zbekistonda elektr stansiyasi quradi

Turk kompaniyasi O‘zbekistonda elektr stansiyasi quradi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Turkiyaning AKSA Enerji kompaniyasi boshqaruvi raisi Jemil Kazanchi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida quvvati 400MVt gaz porshenli elektr stansiyasini qurishga doir Investitsiya shartnomasi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, mazkur loyiha uchun turk kompaniyasi 250 million dollar sarmoya kiritadi.

Shuningdek, kompaniya 25 yil – loyihani amalga oshirishning butun davri davomida elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ishlatish bilan shug‘ullanadi.

Qurilish ishlarining boshlanishi 2023-yilning dekabrida, elektr stansiyasining ishga tushirilishi esa 2024 yil oxiriga rejalashtirilgan.

Turkiya kompaniyasining tashrifi doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va AKSA Enerji o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish shartnomasi ham imzolandi va bu bilan O‘zbekiston tomoni turkiyalik investordan 25 yilga kafolatlangan elektr energiyasini sotib olishni amalga oshiradi.

Ma’lumot uchun, AKSA Enerji kompaniyasi 1960-yilda tashkil etilgan Kazanci Holding tarkibiga kiradi. Xolding nafaqat energetika sohasida, balki qishloq xo‘jaligi va turizmda ham loyihalarni ishlab chiqadi.

Shuningdek, kompaniya qator mamlakatlarda – Turkiya, Gana, Madagaskar, Mali, Kongo va O‘zbekistonda elektr stansiyalarini qurmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring