Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar uchun ta’lim grantlarini ko‘paytirmoqchi

Turkiya o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar uchun ta’lim grantlarini ko‘paytirmoqchi

Abdulloh Eren hamda Inomjon Majidov.

Foto: «YTB»

Turkiya hamda O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasida jiddiy yangiliklar kutilmoqda. Bu haqda Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) rahbari Abdulloh Eren Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Turkiyalik mehmon so‘nggi bir necha kun davomida O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari hamda ta’lim muassalarida muzokaralar o‘tkazgani haqida so‘zlab berdi. Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov bilan uchrashuvda o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarning Turkiya davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi imkoniyatlari muhokama etilgan. Vazir iqtisodiyot tarmoqlari talab va ehtiyojiga ko‘ra muhandislik, texnika, kimyo, arxitektura, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot kabi mutaxassisliklar bo‘yicha magistratura va doktorantura ta’limiga e’tibor qaratishni tavsiya etgan.

Abdulloh Erenning ma’lum qilishicha, ayni paytda  Turkiyada 1000 dan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda, ulardan 150 nafariga hukumat granti berilgan.

Abdulloh Eren tashrif davomida Turkiyada tahsil olgan o‘zbekistonliklar bilan ham uchrashdi. Foto: «YTB»

«Biz qardosh O‘zbekistondan yanada ko‘proq yoshlar Turkiyada o‘qishini istaymiz. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidagi muzokaralarda ham ayni shu jihatni muhokama qildik. Mamlakatimizda dunyoning turli o‘lkalaridan kelgan 170 mingdan ziyod xorijlik talaba tahsil ko‘rmoqda, ulardan 17 ming nafari Turkiya hukumati stipendiyasi sovrindori sanaladi. Hamkorlikdagi harakatlarimiz samarasi o‘laroq, ular safida o‘zbekistonlik iqtidor egalari yanada ko‘payishiga ishonchim komil», – deydi Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi rahbari.

Yuqori martabali mehmon O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish imkoniyatlari o‘rganilayotganini ham qayd etdi.

«O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy, madaniy va demografik omillarga ko‘ra Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rin tutadi. Ko‘hna madaniyat va muazzam tamaddun beshigi bo‘lgan ushbu zamin bizning ota yurtimiz ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Shu bois ham bir qardosh O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratamiz», – deydi Abdulloh Eren.

Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi 2010-yil 6-aprelda tashkil etilgan. Boshqarma Turkiyaning xorijdagi fuqarolari va qardosh xalqlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda hukumat stipendiyalar dasturlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. 2018-yil 27-oktyabrdan buyon tuzilmaga Abdulloh Eren rahbarlik qilib kelmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring