Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya Saudiyaning harbiy ehtiyojlarini qondirishga tayyorligini aytdi

Turkiya Saudiyaning harbiy ehtiyojlarini qondirishga tayyorligini aytdi

Foto: Reuters.com

Turkiya tashqi ishlar vaziri Haqan Fidan Saudiya Arabistoniga Husiylar hujumlari davom etayotgani sababli ayrim harbiy ehtiyojlar paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi, deya xabar berdi Reuters. U Turkiya bunday ehtiyojlarni, xususan, texnik masalalar bo‘yicha qondirishda muammo bo‘lmasligini bildirdi.

Haqan Fidanning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonining hududiy yaxlitligi va suverenitetiga jiddiy hujumlar kuzatilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi kelishuv tomonlarning o‘zaro birdamligini nazarda tutadi.

«Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi» deb nomlangan uch tomonlama hujjat avgust oyida imzolangan. Unga ko‘ra, uch davlatdan biriga qurolli hujum qilinsa, bu barcha uch davlatga qilingan hujum sifatida baholanadi.

Yamandagi Husiylar iyul oyida Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasini e’lon qilganidan keyin mamlakatga hujumlarni kuchaytirgan. Hujumlar Saudiya shaharlari, energetika infratuzilmasi va dengiz tashuvlariga qaratilgani aytilmoqda.

19-sentyabr kuni Husiylar Riyoddagi «sezgir» hududlarga raketalar va dronlar bilan zarba berganini ma’lum qildi. Bu xabar shaharning asosiy aeroporti yaqinida yong‘in va katta tutun ko‘tarilgani haqidagi ma’lumotlardan bir necha soat o‘tib tarqalgan.

Pokiston hukumati esa Husiylar hujumlariga javoban «Makka» kelishuvi doirasida harbiy harakatlar bo‘yicha muhokamalar bo‘lmaganini bildirgan. Shu bilan birga, mamlakat zarur vaqt kelganda harakat qilishini aytgan.

Fidan Saudiya Arabistonining AQSh va Eron o‘rtasidagi urushga jalb etilishini maqbul emas deb baholagan. Uning aytishicha, Saudiyaning mojaroga qo‘shilish niyati yo‘q.

Turkiya tashqi ishlar vaziri mojaroni to‘xtatish bo‘yicha barcha tomonlarga takliflar yetkazilganini ham ma’lum qildi. U yangi takliflar borligini, ammo ularni tomonlar qabul qilishi kerakligini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring