Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiyaning yetakchi universiteti Buxoroda o‘z fakultetini ochdi

Turkiyaning yetakchi universiteti Buxoroda o‘z fakultetini ochdi

Foto: «O‘zA»

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida Turkiya tibbiyot fanlari universiteti (SBÜ) fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Turkiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayya Er,  Turkiya tibbiyot fanlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Amrulla Inoyatov ishtirok etdi.

Turkiya elchisi Mehmet Surayya Er tibbiyot fakulteti asrlar mobaynida ilmu ma’rifat markazi bo‘lib kelgan, dunyoga Abu Ali ibn Sino kabi ulug‘ allomani bergan Buxoroi sharifda ochilayotgani teran ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ta’limga oid mazkur loyiha qardosh o‘lkalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tibbiyot fakultetida o‘qish olti yillik bo‘lib, mazkur dargohda davolash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Mashg‘ulotlar Turkiya va O‘zbekistonning peshqadam professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tiladi. Talabalar Turkiyada malaka oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida Turkiya tibbiyot fanlari universiteti fakulteti va oliy maktabini ta’sis etish haqidagi qaror joriy yil 24-iyunda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan qabul qilingan. 

Tibbiyot fanlari universiteti (SBÜ) nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri sanaladi. Universitet 1903-yilda Usmoniylar sultoni Abdulhamid II farmoniga ko‘ra ochilgan tibbiyot bilim yurti bazasida tashkil etilgan.  Bir asrdan ziyod tarixga ega nomdor universitet endilikda O‘zbekistonda ham malakali kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shadi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya do‘stligi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Qardosh mamlakatlar hamkorligi barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash jabhasida ham tobora kengaymoqda.

1997-yil noyabrda O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash, tibbiyot sohasida hamkorlikka oid bitim imzolagan.

2017-yil oktyabrda ushbu bitimning mantiqiy davomi sanalgan kelishuvga erishildi. Ushbu hujjatda ikki mamlakat o‘rtasida «tez yordam» va tabiiy ofatlarga qarshi kurash, gematologiya hamda ichki a’zolar transplantatsiyasi, farmatsevtika va tibbiyot uskunalari, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va mustahkamlash, soha bo‘yicha tajriba almashuvlar ko‘zda tutilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring