Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tushlik – ortiqcha!» Nikola Teslaga sakson yoshida ham bardam bo‘lishiga ko‘mak bergan uslub haqida

«Tushlik – ortiqcha!» Nikola Teslaga sakson yoshida ham bardam bo‘lishiga ko‘mak bergan uslub haqida

Bu taniqli olimning nomi butun olamga, birinchi navbatda, uning ixtirolari bilan bog‘liq. Teslaning 140 yil yashashni orzu qilganini va hatto umrini uzaytirish uchun maxsus ovqatlanish tizimini ishlab chiqqanini hamma ham bilavermaydi.

Tesla butun hayoti davomida go‘zal fazilatlarini saqlash bilan bir qatorda, tanovul qilgan har bir luqmasini diqqat bilan kuzatib bordi. Uning aytishicha, miyaning to‘liq ishlashi to‘g‘ri ovqatlanishga bevosita bog‘liqdir.

1933-yilda 77 yoshli Tesla «New York Times» nashriga intervyu berib, unda jismoniy holatini saqlashga yordam beruvchi odatlari haqida gapirdi: ixtirochi juda ko‘p harakatda bo‘lishga intilardi, chunki jismoniy faollik tanadagi toksinlar va to‘plangan zaharli moddalarni chiqarib tashlashga yordam berishini bilar edi. Tesla har kuni 16 kilometr masofani piyoda bosib o‘tar, ko‘p suzardi.

Va yana u oshqozonda kislotali muhit hosil bo‘lishiga, tanani kislotalashga olib keladigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini deyarli iste’mol qilmagan. Muntazam ravishda sabzavot iste’moli muhimligini anglagan Nikola Tesla ba’zan ratsioniga baliqni kiritgan – bu miya faoliyatiga yaxshi yordam beradi.

Shuningdek, u uyquga yotishdan oldin bosh barmog‘ini 100 marta siqib-ochishni odat qilgandi. Bu mashq uning miya hujayralarini rag‘batlantirishga yordam berishi haqida bir paytlar yozuvchi Mark Zayfer bilan suhbatda aytgan edi.

Zamondoshlarining aytishicha, hatto 80ga kirganida ham Tesla ancha yosh ko‘rinardi, hushbichim va deyarli ajinlari yo‘q edi.

Tesla to‘g‘ri ovqatlanish tufayli inson 100 yildan ortiq yashashi mumkinligiga ishonardi. U oziq-ovqati haqida shunchalik qattiq qayg‘urar ediki, qaysi mehmonxonaga to‘xtasa, oshpazlarga shaxsan o‘zi menyu tayyorlab berardi. «Inson tanasi – bu mashina, – degan edi ixtirochi. – Shuning uchun uni asrab-avaylash va pokiza saqlash kerak. Tana, xuddi mashina kabi, eng sifatli oziqlanishga – moyga muhtoj. Men o‘zimning «mashinam» ishini ilmiy tamoyillar va biz yashayotgan sayyoramiz qonunlariga muvofiq ravishda tartibga solishga harakat qilaman».

Yoshligidanoq Tesla ovqatlanishning turli nazariyalarini o‘rganib, ovqatni uzoq va yaxshilab chaynash, bo‘lagicha yutib yubormaslik, kerak degan xulosaga keldi. U, shuningdek, sabzavotli sho‘rvalar, bo‘tqa va sut oshqozonga foydali ekanligini aniqladi. Tesla kuniga ikki marta – ertalab va kechki 7da ovqatlanardi. «Tushlik ortiqcha, chunki tanamiz nonushtadagi ovqatni hazm qilishga ulgurmaydi, – derdi Tesla. – Butun kun davomida quvvatni to‘ldirish uchun nonushtada sariyog‘ va yuqori kaloriyali mahsulotlar iste’mol qilgan yaxshi, kechqurunga esa oqsilga boy ovqatlar, masalan, tuxum oqi, tvorog yoki pishloq bo‘lgani ma’qul».

Tesla loviya, otquloq va yasmiq kabi mahsulotlardan voz kechishni maslahat beradi. Uning fikricha, bu o‘simliklar odamlarda revmatizm va yuqori qon bosimi kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Umrining oxirida parhezlar tufayli Tesla biroz zaiflashdi, bu esa olim och qolgani haqidagi mish-mishlarga sabab bo‘ldi. Ammo bunday emas edi. U umrining oxiriga qadar ishlashda va ixtiro qilishda davom etdi.

U 81 yoshida yo‘lni kesib o‘tayotib mashinadan qochmoqchi bo‘lganida yiqilib tushdi va bir necha qovurg‘asini sindirib oldi, ammo shifokorlarga murojaat qilmadi. Tez o‘tmay olim pnevmoniyaga uchradi, lekin u mustaqil oyoqqa turdi.

Olim 86 yoshida vafot etdi, o‘lim sababi taxminan tomirlardagi qon quyulishi edi. O‘sha davr tibbiyoti Tesla o‘limining aniq sababini topa olmadi.

Ma’lumot o‘rnida: Nikola Tesla – ixtirochi, olim, fizik, muhandis. O‘zgaruvchan tok bilan ishlaydigan qurilmalar ishlab chiqqan, efir mavjudligini isbotlovchi tajribalar o‘tkazgan kashfiyotchi.

Zamonaviy biograflarning fikricha, Nikola Tesla 20-asr ixtirolariga egalik qiluvchi shaxsdir. U o‘zining ilg‘or qarashlari va hayotga bo‘lgan huquqlarini isbotlash qobiliyati bilan tanildi. Olim ilm-fan uchun aqlga sig‘maydigan tajribalar o‘tkazdi, ba’zan uning nomi hatto mistik kuchlar bilan ham bog‘langan. Bu, albatta, fantastika, ammo hali ham ko‘pchilik uni yolg‘onchi va shizofrenik, ko‘plar esa ekstrasens deb biladi. O‘z davrida ham atrofidagilarning ayrimlarigina uni buyuk olim va ixtirochi sifatida tan olgan. Biroq haqiqat shuki, u elektrodvigatel va generatorni kashf qilgan, o‘tkazuvchan tok yordamida ko‘p fazali qurilmalar ustida ish olib borgan.

Tesla 1856-yilning 10-iyulida Serbiyaning Gospich shaharchasidan olti chaqirim keladigan tog‘li qishloq – Smilyanda tug‘ilgan. Uning otasi Milutin Tesla Sremsk yeparxiyasining ruhoniysi edi. Onasi Jorjina Tesla esa hech qayerda ishlamagan, asosan bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Nikola o‘qishni qishlog‘idagi maktabda boshlagan. Sharoitlari og‘ir, o‘qituvchilar yetishmasa-da, Teslaga bu maktab yoqardi.

Gospich shaharchasiga ko‘chib ketishlari haqida eshitganida Tesla ancha xafa bo‘lgan. Otasining martabasi ko‘tarilgach, oila zudlik bilan qishloqni tark etdi. Bu shaharchada Tesla boshlang‘ich maktabda o‘qidi, uch yildan so‘ng uni gimnaziyaga berishdi. Ota-onasi qattiq mehnat qilishi kerak edi, shuning uchun bolalar tez-tez qarindoshlari nazorati ostida qolardi. U oilasiga har tomonlama ko‘mak berishga harakat qildi, keyin shaxsiy xarajatlariga otasidan pul so‘ramaslik uchun zavodga ishga kirdi. 1870-yili Nikola Karlovats shahriga ketdi va Oliy maktab talabasi bo‘ldi. O‘shanda u atigi 14 yoshda edi.

U.Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring